“Cemirish, homiladorlikdan keyingi semirish va qorin osilishlari, ortiqcha ovqatlanish, garmonal buzilishlar roʻy berganda ortiqcha vazn bilan kurashishning eng xavfsiz va samarali vositalaridan biri” deya taʼriflanayotgan mahsulot tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi sibutramin (!) moddasi borligini bilacizmi?
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga noqonuniy yoʻllar bilan kirib kelgan va ashyoviy dalil sifatida olingan “FATZORB PLUS Natural Fat&Carbo Binder” mahsuloti tarkibida (Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi xulosasiga koʻra) sibutramin moddasi mavjudligi aniqlangan.
Yuqoridagi holat boʻyicha Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning “FATZORB PLUS Natural Fat&Carbo Binder” mahsulotining tarkibi va miqdorini qayta ekspertizadan oʻtkazish maqsadida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligiga (Respublika sud ekspertizasi markazi xulosasi ilova qilingan holda) yoʻllagan murojaatiga muvofiq, Agentlik huzuridagi Davlat markazida qayta laboratoriya tahlillari amalga oshirildi.
Davlat markazining Dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi eksperti xulosasidagi maʼlumotga koʻra, kapsulalarda sibutramin gidroxlorid monogidrat moddasi borligi aniqlandi.
Maʼlumot oʻrnida: Sibutramin moddasi organizmda serotonin miqdorini oshirishi hisobiga ishtahani boʻgʻadi. Serotonin esa modda almashinuvining buzilishi miokard infarkt, yara kasalliklari va baʼzi ruhiy kasalliklarga sabab boʻladi.
Taʼkidlash joiz, sibutramin moddasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish toʻgʻrisida”gi 818-son qarori bilan tasdiqlangan Kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan.
Lekin tarkibida sibutramin moddasi mavjud boʻlgan “FATZORB PLUS Natural Fat&Carbo Binder” mahsuloti dori vositasi sifatida Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan. Shuningdek bu mahsulot SSVning Xavfsizlik parametrlari boʻyicha ekspertizadan oʻtkazilgan biologik-aktiv ozuqa qoʻshimchalari (BFQ) roʻyxatida ham mavjud emas!
Amaldagi tartibga koʻra, tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun qonunchiligimizda maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
SSV huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning “FATZORB PLUS Natural Fat&Carbo Binder” mahsulotining tarkibi va miqdorini ekspertizadan oʻtkazish maqsadida yoʻllagan murojaatiga javoban tegishli ekpertiza xulosalarini taqdim qilganligini maʼlum qiladi.
Bu haqida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.