Bugungi kunda barcha sohalar qatori madaniyat va sanʼat rivoji uchun qabul qilinayotgan farmon va qarorlar shu soha vakillarini mamnun qilish bilan birga ularga juda katta masʼuliyat yuklashi shubhasiz.

Fikrimiz dalili sifatida Prezidentimizning 2019-yil 14-maydagi “Baxshichilik sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorini alohida tilga olish joiz. Zero, baxshichilik sanʼatini rivojlantirish, ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan dostonlarni barkamol avlodga yetkazish ularda boy maʼnaviy merosimiz — xalq ogʻzaki ijodiga nisbatan mehr-muhabbat uygʻotadi. Baxshichilik sanʼatini oʻrganish, uning tub ildizlarini bosqichma-bosqich ilmiy tahlil qilib, muammolarini bartaraf etish esa ushbu soha rivojini belgilab beradi. Buning uchun dastlab xalq ogʻzaki ijodi namunalariga, dostonchilik tarixiga nazar tashlash toʻgʻri boʻladi.

Sharq xalqlari ogʻzaki ijodiyotida badiiy-musiqiy dostonlar muhim oʻrin tutadi. Ular avloddan-avlodga oʻtib kelgan soʻz, sheʼr, ovoz, soz va tomosha sanʼatini oʻzida mujassamlashtiruvchi bebaho namunalaridir. Oʻzbek milliy dostonchiligi serqirra jabhadagi umum turkiy madaniyatning yorqin va oʻziga xos bir boʻlagi. Zero, qadimiy va barqaror dostonchilik anʼanalariga ega boʻlgan oʻzbek xalqi maʼnaviy bisotida mazmunan barkamol, shaklan va usluban xilma-xil asarlarining har birida olam-olam qadriyatlar, ijodiy boyliklar milliy meros tarzida eʼzozlanib, salmoqli badiiy-musiqiy qatlamni tashkil etadi. Ota-bobolarimiz ularni yaratish, soʻzlash, kuylash va tinglash bilan uzoq asrlar davomida maʼnaviy ehtiyojlarni qondirib, kelajakka ishonch ruhi bilan yashab mehnat qilib kelgan. Shuningdek, ularni zamonlar evrilishidan saqlab, dostonchilik anʼanalarini davom ettirgan holda bugungi kunning maʼnaviy va maʼrifiy omili boʻlib maydonga chiqishini taʼminlagan. Ayniqsa, Uchinchi Renessans davrida yangicha tafakkurimiz qatori juda qadimiy chashmalardan ozuqa oluvchi sanʼat turlari yuksak eʼzoz va eʼtibor topmoqda.

Haqiqatdan ham dostonlar va ularning qoʻshiqlarida xalq hayotining maʼlum tarixiy taraqqiyot davri uchun xos boʻlgan muhim masalalar koʻtarilib, haqqoniy yoki ertaknamo voqealar, afsona va rivoyatlar tarzida shoir va baxshilar tomonidan toʻqib oʻzlashtirilgan, qayta ishlangan va kuylab kelingan. Ular ilhom bilan insonlar qalb torining rishtalarini qoʻzgʻatgan, taʼsir qilgan ruhiy ozuqa ulashib kelgan.

Shu maʼnoda oʻzbek dostonchiligini barkamol avlodga singdirishda baxshichilik sanʼatini rivojlantirish, yosh baxshilarni tayyorlashda esa quyidagi ilmiy-metodik omillardan foydalanish maqsadga muvofiq, deb oʻylaymiz:

— xalq ogʻzaki ijodi namunalarini maktabgacha tayyorlash guruhlarida izchil oʻrgatish lozim. Bunga lof, latifa, maqol, tez aytish, matal, turli xalq oʻyinlari, sanamalar kiradi. Buni oʻrgatish jarayonida yakka tartibda va guruhlar asosida bosqichma-bosqich eng iqtidorli, oʻrtamiyona yoki oʻzlashtirishi sust boʻlgan bolalar tarbiyachi tomonidan anglab olinishi hamda ularga oʻziga xos va mos boʻlgan xalq ijodiyoti namunalarini yoxud oʻyinlar harakatlarini bajarishga oʻrgatish lozim;

— bizga maʼlumki, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida musiqa fani uchun tayyorlangan dasturlarda dostonchilik va baxshichilik haqida 5-6-sinf darsliklarida oʻquv dasturi sifatida kiritilgan. Buni 1-sinfdan oʻqitilsa, yaʼni terma, dostonlardan parchalar oʻrgatilsa, oʻquvchilarning nutqini rivojlantirish bilan birga, milliy qadriyatlarimizni qadrlashga xizmat qiladi. Bunda yuqorida aytganimizdek, mavzular oʻquvchilarning iqtidori va qiziqishiga qarab tanlanadi va darslar tashkil etiladi.

— Hanuzgacha musiqaga ixtisoslashtirilgan maktab, litseylarda folklorshunoslik faniga soatlar kam ajratilgan. Sanʼatga ixtisoslashtirilgan baʼzi maktablarda esa umuman oʻqitilmaydi. Bu esa baxshichilik va dostonchilik rivojiga toʻsqinlik qiladi.

— Hududlarda tashkil etilgan madaniyat markazlarida, sanʼat saroylari, sogʻlomlashtirish sihatgohlari, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida baxshilar bilan uchrashuvlar, dostonchilik kechalari tashkil etishni yoʻlga qoʻyish esa, yosh avlodning dostonchilik va baxshichilik sanʼatini oʻrganishda bolalar musiqa va sanʼat maktablarida ochilgan 14-yoʻnalish — baxshichilik sinfiga jalb qilishga muhim omil sifatida xizmat qiladi.

Baxshichilik sanʼatini oʻrganishning birinchi omili soʻz sanʼati boʻlsa, ikkinchi omili soz sanʼatidir, yaʼni badihagoʻylik va doʻmbira chertish bilan belgilanadi. Shunday ekan, soʻz va soz, badihagoʻyligu doʻmbira chertishning nozik sir-asrorlarini ertamiz egalariga baholiqudrat oʻrgatishimiz kerak.

Zero, baxshichilik sanʼati oʻzbek millatiga oʻzligini anglatishga, barkamol avlodni maʼnan yetuk, milliy qadriyatlarga muhabbatli qilib tarbiyalashga xizmat qiladigan bebaho meros.

Gulbahor Fozilova,

Respublika madaniyat muassasalarini tashkil etish

ilmiy-metodik markazi boʻlim boshligʻi