Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti,  Yaponiyaning Soka universiteti, Ozarbayjonning Ganja davlat universiteti, Turkiyaning Ankara Yildirim Boyazit universiteti, Tojikistonning Tojik Milliy universiteti, Eronning Tehron universiteti, ISFT instituti, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi, Innovatsion va ijtimoiy-iqtisodiy universiteti, O‘zbekiston falsafa milliy jamiyati bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro konferensiyada Amerika, Osiyo, Yevropa, MDH mamlakatlaridan 100 ga yaqin mehmonlar ya’ni, davlat arboblari, xorijlik yetakchi faylasuf olimlar, hamda o‘zbekistonlik faylasuf olimlar, tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Jumladan, Soko universiteti vitse prezidenti Tanaka Reyohey, Jahon falsafa jamiyatlari federatsiyasi prezidenti, Rim davlat universiteti kafedra mudiri Luka Mariya Skarantino,  Sarbonna universiteti professori, falsafa fanlari doktori Albert Fishler, Moskva davlat universiteti professori, “Vek globalizasii” xalqaro jurnali bosh muharriri Chumakov Aleksandr Nikolayevich, Nyu-York universiteti professori Mishel Smit, Turkiyaning O‘zbekistondagi muxtor elchisi, falsafa doktori Olgan Bekar, Yevropa-Osiyo xalqaro akademiyasining Prezidenti tarix fanlari doktori, professor Tagirov Engel Rizakovich, Tojikiston respublikasining O‘zbekistondagi muxtor elchisi filologiya fanlari doktori, professor Azizzoda Abdujabbor Rahmon, Ozarbayjon respublikasining  O‘zbekistondagi muxtor elchisi Guseyn Guliyev va boshqalar. Konferensiyaning maqsadi dunyoda barqaror taraqqiyotga erishishda ilm-fan, universitetlarning roli, universitetlarda ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha fikr almashishdan iborat.

Konferensiyada universitetlarda ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish sharti ekanligi, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, huquqiy, ma’naviy sohalarda tahdidbardoshlikni ta’minlash va barqaror taraqqiyotga erishishning ustuvor yo‘nalishlari, gender tengligini ta’minlash barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish omili ekanligi, atrof muhitni muhofaza qilishda xalqaro hamkorlikni ta’minlash texnologik taraqqiyot oqibatlarini bartaraf etish masalalari, yoshlarda  mafkuraviy immunitetni shakllantirish, tarix falsafasi va falsafa tarixining barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishidagi ahamiyati masalalari muhokama qilinadi.

Shuningdek, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish yuzasidan ham fikr almashib olinadi.

Xalqaro miqyosda tashkil etilgan ushbu konferensiyada ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish, ta’lim sohasidagi muammolar, ularni hal etish, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan muhim vazifalar o‘rtaga tashlangan. Zero, bugun ta’lim tizimi sifatini mazmun jihatdan zamon talabiga mos yangilab borish va jahon tajribalarida eng ilg‘or ta’lim sohasi yutuqlarini o‘rganish, ulardan o‘z milliy xususiyatlarimizga mos jihatlaridan foydalanish dolzarb vazifa sanaladi.

O‘zMU Axborot xizmati