"Mana, nafaqat turkiy xalqlar, balki butun dunyoga ma'lumu mashhur, barchaning hurmatini qozongan «Tekden fil`m» va «Bo'zdag'fil`m» boshqaruv kengashi raisi Mehmet Bo'zdag' bilan tanishib, hamkorlik qilayotganimizga ham ikki yil bo'libdi.

Bu insonga hurmatim, ayniqsa, uning stsenariysi va prodyuserligida yaratilgan “ertugrul” serialini tomosha qilganimdan so'ng yanada oshdi. Ushbu kinoasar juda mukammal yaratilgani uchun ham butun tarixga bo'lgan munosabatim tubdan o'zgardi. Va o'shanda Prezidentimiz topshirig'i bilan, ya'ni O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi yo'lida belgilangan Harakatlar strategiyasiga muvofiq millatimizning asl qahramoni Jaloliddin Manguberdi haqidagi tarixiy serialni suratga olish ishlarini aynan shu inson ko'magida amalga oshirishimiz mumkinligini tushundim.

Do'stimizga hamkorlik taklifini berganimda, bildirgan fikrlaridan tanlov borasida adashmaganimni-da angladim. Tarixni yaxshi ko'radigan, bunda har bir detalni nazardan chetda qoldirmaydigan, asosiysi, o'zbek millatini sevadigan, unga bildirilgan ishonchni oqlash yo'lida butun tarixiy asarlarimizni, adabiyotlarimizni katta qiziqish bilan o'qib-o'rgangan inson, o'z kasbining haqiqiy ustasi bilan hamkorlikda ishlayotganimdan xursandman.

Biz ushbu fil`m orqali o'zbek millatini butun dunyoga olib chiqishimizga, hammaga asl tariximizni ko'rsata olishimizga ishonamiz. Buning uchun har birimiz bor kuchimizni ishga solamiz.

Nasib etsa, yaqin kunlarda, avvalo, xalqimizga “Mendirman Jaloliddin” teleserialini taqdim etamiz," — deydi vazir.