Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Toshkent viloyati hokimi oʻrinbosari Akmal Umaraliyev hamrohligida Oqqoʻrgʻon tumanidagi madaniy-maʼrifiy maskanlar faoliyati va ayni kundagi holatini koʻzdan kechirdi.
Hududdagi xarob ahvolga kelib qolgan “Tarix va oʻlkashunoslik” muzeyida ayni paytda jadal taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Taʼmirdan soʻng muzey zamonaviy koʻrinishga ega boʻlishi kutilmoqda. Suhbat davomida Madaniyat vaziri ushbu madaniy maskan kengaytirilib, uni nafaqat tuman, balki viloyatning “Tarix va oʻlkashunoslik” muzeyiga aylantirish boʻyicha taklifini berdi.
Madaniyat markazi binosida avval tuman madaniyat boʻlimi qoshida ochilgan Madaniyat uyi faoliyat olib borgan. Prezidentimizning tegishli qaroriga koʻra, mazkur markazni taʼmirlashga kirishilgan, ayni paytga kelib qurilish ishlari deyarli bitkazilgan. Markazning taʼmirlash jarayonidagi muammolar oʻrganilib, ularni hal qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shundan soʻng vazir boshchiligidagi viloyat mutasaddilari tuman markazida qaytadan bunyod etilgan Yoshlar bogʻida boʻlib, u yerda yoshlarning madaniy hordiq chiqarishlari uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi. Hududda faoliyat yuritayotgan “Shamalak” saylgohi mehmonlar eʼtiboridan chetda boʻlmadi. Oʻrganishlar davomida Ozodbek Nazarbekov tuman mutasaddilariga oʻz taklif va mulohazalarini bildirdi.
Oqqoʻrgʻon tumanidagi bu kabi bunyodkorlik ishlari, albatta, aholi farovonligi, kelajak avlod kamoloti uchun xizmat qiladi.