Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov seriallar borasida oʻz munosabatini bildirdi.

— Bundan ikki yilcha avval ham seriallar bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelgandi. Ayni paytda ham bu holat takrorlandi. Bundan koʻrinib turibdiki, soha vakillari kelgusida yana shunday kayfiyatdagi tomoshabin bilan yuzlashmaslik uchun bu borada aniq va toʻgʻri yondashuvni topishi kerak. Yoʻqsa, ularning yurt taqdiriga daxldor shaxs sifatida birinchi va ikkinchi Uygʻonish davri yangilanishlarini yaratgan ajdodlarimizning maʼnaviy orzulari davomchilari boʻlgan Uchinchi Renessans vakillarini munosib tarbiyalash uchun nima qildik, degan savolga arzirli javoblari boʻlmasligi mumkin.

Aslida bu borada mushohada yuritish har birimizning maʼnaviy burchimizdir. Ayniqsa, televideniye xodimlarining oldida “Oynai jahon orqali efirga uzatayotgan har bir telemahsulot yoshlar tarbiyasiga qanday taʼsir qiladi, bu bilan jamiyatga qanday nafimiz tegyapti?” degan savol koʻndalang turishi kerak.

Ayniqsa, yoshlar jamiyat uchun parda ortidagi voqelik, koʻp ham ommaviy muhokama qilinmaydigan munosabatlar sirli, sehrli tuyuladi, ularni koʻrishga intilish kuchli boʻladi. Chunki murgʻak ongu qalb oq va qora mohiyatini toʻla anglamaydi. Mana shunday ojizlikdan foydalanib, oʻz mahsulotlarini oʻtkazishga harakat qilish maʼnaviyatsizlik, madaniyatsizlikka olib kelmaydimi? Bu millatga, xalqqa, davlatga xiyonatning bir koʻrinishi emasmi?

Bugun zoʻrovonlik, zinokorlik, yovuzlik “virusi”ni tarqatayotgan manbalar jamiyatni maʼnaviy majruh qilishga urinayotganini sogʻlom ong, teran tafakkur egasi qabul qila olmaydi. Bu kabi eʼtiborsizlik, loqaydliklar sabab jamiyatda insonlar qadrsizlanib, ularning fikri, maʼnaviy ehtiyojlari ikkinchi darajaga tushib qolishi biz tanlagan Oʻzbekistonni rivojlantirishning Taraqqiyot strategiyasiga qay darajada hamohang boʻla oladi?

Zotan, bugun tobora Yangilanayotgan Oʻzbekistonning taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadigan Uchinchi Renessans avlodlarini tarbiyalashda milliy qadriyatlarimizga tayanmogʻimiz shart. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, xalqning teran maʼnaviyatisiz, gʻururisiz, yuksak madaniyatisiz buyuk davlat qurib boʻlmaydi.) maʼnaviy ehtiyojlari ikkinchi darajaga tushib qolishi biz tanlagan Oʻzbekistonni rivojlantirishning Taraqqiyot strategiyasiga qay darajada hamohang boʻla oladi?

Aziz mutasaddilar!

Katta targʻibot maydoni boʻlgan OAVlari orqali xalqimiz talab va ehtiyojlariga javob beradigan mahsulotlarni bering. Toki, ertangi kunimiz badiiy saviyasi sayoz boʻlgan teleseriallar muhokamasi bilan emas, oʻzbek farzandlarining olamshumul muvaffaqiyatlarini muhokama qilish, istiqbolimiz uchun maʼnaviy sarmoya boʻladigan loyihalar targʻiboti bilan band boʻlsin.