Davra suhbatida Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari, Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar partiya tashkiloti xodimlari, Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashi deputatlari, Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi aʼzolari, Yashnobod tumani hokimligi vakillari va Ekopartiya faollari ishtirok etdi.

Tadbirni Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Nosirjon Aminov ochib berdi. U oʻz soʻzida bugungi kunda ozon qatlamining tobora yemirilib borayotgani, ozon - quyoshdan kelayotgan ultrabinafsha nurlardan bizni himoya qiluvchi yagona qalqon ekaniga alohida toʻxtalib oʻtdi.

—“Ozon qatlami xaqida gap ketar ekan shu bilan bir qatorda, ekologik taʼlim-tarbiyaning ahamiyati ham nihoyatda yuqori. Chunonchi, Yurtboshimiz taʼbirlari bilan aytganda, “Eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish haqida jiddiy bosh qotirishimiz zarur. Albatta, bunday muammolarni faqat maʼmuriy yoʻl bilan hal etib boʻlmaydi, bunga yosh avlod qalbida ona-tabiatga mehr-muhabbat, unga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin”. Zero, ekologik taʼlim-tarbiya tabiat va jamiyat oʻrtasidagi uzviylikni taʼminlash hamda tabiiy barqarorlikni saqlashda muhim ahamiyatga egadir. Shuningdek, ekologik taʼlim-tarbiya yoshlarni tabiatdan ongli ravishda foydalanish va ular qalbida tabiatga mehr-muhabbat uygʻotish hamda tejamkorlikka oʻrgatishda qoʻl keladi”-dedi Toshkent shahar hokimi maslahatchisi Akmal Roʻzitoyev.

Yashnobod tuman xokimi maslahatchisi Ozoda Bekmurodova oʻz soʻzida tadbir ishtirokchilariga “ozon qatlamini yemiruvchi moddalar-xlorftoruglerod tutgan birikmalarni haddan tashqari koʻp ishlatilishi natijasida oʻtgan asrning 80-yillari oxiriga kelib, Ozon qatlamini yemirilishi natijasida “Ozon darchalari” hosil boʻlib, uning himoya funksiyalari susayganligi” xaqida aloxida toʻxtalib oʻtdi.

Shu oʻrinda soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar partiya tashkiloti raisi Sevara Fayziyeva, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Olmazor tumani partiya tashkiloti raisi- Shaxnoza Umarxodjayeva, Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Mirzo Karim ham oʻz chiqishlarida bugungi kunning Ekologik muammolari va Ozon qatlamining naqadar ahamiyatli ekanini taʼkidlab oʻtishdi.

Ushbu tadbirni oʻtkazishdan asosiy maqsad avvalo – Ozon qatlamiga insonlar tomonidan yetkazilayotgan salbiy taʼsirlarni kamaytirish, fuqarolarda ekologik madaniyatni shakllantirish, xamda Oʻzbekiston Ekologik partiyasining saylov oldi targʻibot ishlarini amalga oshirishdan iboratdir.

Tadbir ishtirokchilarga koʻtarinkilik va tabiatning oʻzi qadar toza ruh bagʻishladi. Tadbir soʻngida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan aniq javoblar berildi.

Bu kabi davra suhbatlari oʻsib kelayotgan yosh avlodda ona tabiatni sevishga, tevarak-atrofni osoyishta va pokiza saqlash haqidagi tushunchalarining keng shakllanishiga yordam beradi va hayotimiz xotirjamligi va halovatini yanada mustahkamlaydi.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi

Toshkent shahar partiya tashkiloti Matbuot xizmati