Koreya Markaziy banki bank tizimini, kapital bozorini tartibga soluvchi va qimmatli qogʻozlar boʻyicha hisob-kitoblar tizimining (securities settlement system) nazorat organi hisoblanadi.
Uchrashuv markaziy kontragent faoliyati, davlat qimmatli qogʻozlari (DQQ) va OʻzRVBda birja bozorlarining boshqa vositalari bilan hisob-kitoblar tizimi toʻgʻrisida axborot almashish maqsadida tashkil etildi.
OʻzRVB rahbariyati Koreya tomoniga birjaning dinamik faoliyati, zamonaviy IT va WEB texnologiyalariga asoslangan birja infratuzilmasini isloh qilish jarayonlari va birja ekotizimini yanada rivojlantirish istiqbollari (shu jumladan, Milliy kliring markazini tashkil etish) haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, OʻzRVB savdo platformasida dilerlararo REPO bitimlarining yakunlari boʻyicha yangi hisob-kitob tizimi (“One click” loyihasi) taqdim etildi, unda hisob-kitoblar tijorat banklarining vakillik hisobvaraqlaridan avtomatik tarzda pul mablagʻlarini echib olish orqali DVP1 modelini qoʻllash orqali amalga oshiriladi.
Tomonlar ikki mamlakat tajribalari va ilgʻor amaliyotlarni oʻzaro almashishga qiziqish bildirishdi.
Moliya bozori infratuzilmasi va DQQ bozorida birja operatsiyalarini kliring, hisob-kitob qilish va hisobga olishda risk-menejment tizimini rivojlantirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.
Koreya Markaziy banki vakili OʻzRVBning barcha birja bozorlari doirasida savdolar oʻtkazish imkonini beruvchi koʻp funksiyali savdo platformasini (in-house) joriy etish jarayonida erishilgan yutuqlar darajasini yuqori baholadi.
Koreya tomoni Koreya Respublikasi kapital bozorida qimmatli qogʻozlar boʻyicha hisob-kitoblar tizimining umumiy koʻrinishi toʻgʻrisida gapirib oʻtdi va jarayonni nazorat qilish boʻyicha oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashdi. Oʻzbekiston tomoni Koreyada qoʻllanilayotgan ilgʻor yondashuv va amaliyotlarni milliy hisob-kitoblar tizimini yanada isloh qilish jarayoniga moslashtirish va joriy etish maqsadida oʻrganishga katta qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat investorlari va qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilari uchun qulay moliyaviy muhit yaratish maqsadida hamkorlik va tajriba almashishni davom ettirish niyatini bildirishdi.