Tadbirda taʼkidlanishicha, suv taʼminoti va oqava suv xizmatlarini koʻrsatuvchi davlat unitar korxonalari “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyatining ustav kapitaliga hududiy suv taʼminoti masʼuliyati cheklangan jamiyatlari shaklida berilgan. Hozirda ushbu tashkilotlarni faoliyat koʻlami va sifatini oshirish, texnik va texnologik qayta jihozlash, ochiq va shaffof hisob-kitoblar tizimini yaratish orqali sohani investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan transformatsion jarayonlar faol olib borilmoqda

Buning uchun, eng avvalo, sohadagi munosabatlarni zamonaviy yondoshuvlar asosida muvofiqlashtirishga qaratilgan yagona huquqiy bazani yaratish maqsadida ishlab chiqilgan “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi boʻyicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan ishlanmoqda.

Parallel ravishda, oʻrta va uzoq muddatli asosiy koʻrsatkichlarimiz hamda ularni taʼminlash boʻyicha sohani 2035-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu jarayonga sohada xalqaro nufuzda ega boʻlgan akademik olimlar jalb etildi. Osiyo Taraqqiyot banki, Jahon banki hamda boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlarning texnik va institutsional koʻmagidan foydalanildi. Mos ravishda, jamiyatning xalqaro kredit reytingini olish maqsadida malakali xalqaro konsultantlar guruhi tashkil etiladi.

Albatta, transformatsion jarayonning eng muhim boʻgʻinlaridan biri – bu sohaning moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini oshirish hisoblanadi. Bu yoʻnalishda jamiyat va uning 17 ta masʼuliyati cheklangan jamiyatlarni buxgalteriya hisoboti milliy standartlari asosida 2020-yil moliya-xoʻjalik faoliyati total audit tekshiruvidan oʻtkazildi.