Pahlavon Mahmud izdoshlari “Ichan-qalʼa” da bellashdi

    Madaniyat 13 Aprel 2022 1851

    “Ichan-Qal'a” muzey-qo'riqxonasida kurash bo'yicha musobaqa bo'lib o'tdi.

    Turizm, madaniyat va sport xodimlari kasaba uyushmasi viloyat kengashi, Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi birlashgan qoʻmitasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmasi federatsiyasi Sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi, Agrosanoat kasaba uyushmasi Respublika kengashi, Ichan-Qalʼa muzey-qoʻriqxonasi viloyat kurash federatsiyasi bilan hamkorlikda Pahlavon Mahmud xotirasiga bagʻishlab kurash musobaqasi oʻtkazdi.

    Musobaqa Ota-darvoza oldi maydonida oʻtkazildi. Ushbu tadbir doirasida boshqa viloyat va respublikalardan kelgan mehmonlar Ichan-Qalʼa majmuasi bilan yaqindan tanishdilar.

    – Kurash musobaqasining “Ichan qalʼa”da oʻtkzilishida katta maʼno bor, – deydi mazkur tadbir tashkilotchisi Shokir Madaminov. – Turizm kundan-kun rivojlanib borayotgan hozirgi davrda oʻzbek kurashining dovrugʻi olamga yoyilishini, qadriyatlarimiz va anʼanalarimizga boʻlgan qiziqish yanada ortishini istaymiz.

    Shu kuni erta tongda samolyotda Xiva tomon uchib kelgan ispaniyalik sayyoh Luis Gansning aytishicha, oʻzbek yurtining boshqa hech qaysi yurtga oʻxshamaydigan sehri va jozibasi bor.

    Tadbir soʻnggida gʻoliblar Turizm, madaniyat va sport xodimlari kasaba uyushmasi viloyat kengashining esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.