Joriy yilning 28 dekabr` kuni Adliya vazirligida “Pandemiya 2020: chaqiriqlar, xulosalar, oqibatlar” va “Huquq bilimdonlari” tanlovlari g'oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.
Tadbirni adliya vaziri Ruslanbek Davletov ochib, mamlakatimizda pandemiya davrida aholini xolis va to'g'ri axborot bilan ta'minlashda OAVning o'rni, shuningdek, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning huquqiy ong va dunyoqarashini yuksaltirish borasida huquqiy targ'ibot ishlarining ahamiyati xususida to'xtaldi.
Ta'kidlanganidek, COVID-19 pandemiyasi 2020 yilda aksariyat mamlakatlar kun tartibidagi asosiy masalaga aylandi. Pandemiya boshlanganiga qariyb bir yilga yaqin vaqt bo'lsa-da, ekspertlar haligacha pandemiyaning qanday tugashi haqida aniq fikr ayta olgani yo'q. Bunday noma'lumlik sharoitida media hamjamiyat vakillari epidemiyani yoritishda ko'plab qiyinchiliklarga duch keldi. Bu jarayonda nafaqat epidemiyaga qarshi, balki, infodemiyaga qarshi ham kurashishga to'g'ri kelmoqda.
-Ushbu yo'nalishda jurnalistlarga ko'mak berish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda qator seminarlar tashkil etildi,- deydi Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi boshlig'i Sevara O'rinboeva.- Xususan, joriy yilning iyun` oyida “OAVda favqulodda vaziyatlarni yoritishning huquqiy jihatlari” avgustda esa “Koronavirus va axborot: etika, huquq va xolislik” mavzusida vebinarlar o'tkazildi.
Shu bilan birga, pandemiya davrida aholining huquqiy ong va madaniyatini doimiy yuksaltirib borish, bu sohada mavjud muammolarga qarshi kurashda jurnalistlar, blogerlar va jamoatchilikning faolligini yanada oshirish maqsadida joriy yilning oktyabr` oyida “Pandemiya 2020: chaqiriqlar, xulosalar, oqibatlar” mavzuida tanlov e'lon qilindi.
Tanlovda ommaviy axborot vositalarida faoliyat yurituvchi jurnalistlar, erkin jurnalistlar, blogerlar, jamoatchilik faollari ishtirok etdi. Tanlovga 69 nafar ishtirokchidan 461 ta material kelib tushdi. SHundan 120 tasi televidenie, 56 tasi radio, 51 tasi matbuot hamda 234 tasi internet nashrlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali e'lon qilingan materiallardir.
Tanlovga kelib tushgan materiallar komissiya a'zolari tomonidan adolatli va haqqoniy ravishda bir nechta mezonlar asosida, jumladan, materialning to'g'ri va xolisligi, mazmuni va ta'sirchanligi, dolzarbligi, sodda va tushunarli ekanligi hamda ma'lumotlardan unumli foydalanilganlik darajalari asosida baholandi.
“Adliya e'tirofi” nominatsiyasi bo'yicha ham ko'plab nomzodlarning faoliyati tahlil qilindi va eng munosib deb topilgan nomzod ushbu nominatsiyaga tavsiya etildi.
Shuningdek, tadbirda Adliya vazirligi tomonidan aholining huquqiy ong va madaniyatini yanada oshirish maqsadida joriy yil 12 oktyabr` kuni start berilgan “Huquq bilimdonlari” tanlovining g'oliblari ham taqdirlandi.
-Tanlovda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” telegramm kanali orqali ishtirok etdim, -deydi mazkur tanlov g'oliblaridan biri, Farg'ona viloyat saylov komissiyasi mutaxassisi Abror Otaboev.- Bu jarayonda matbuot va ijtimoiy tarmoqlar orqali qonunchiligimizga kiritilayotgan o'zgarishlar, huquq sohasidagi yangiliklar bo'yicha olgan bilimim juda asqotdi. Ayni paytda viloyat saylov komissiyasi mutaxassisi sifatida mamlakatimizda huquqiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni o'zim o'qib o'rganishim barobarida tengdoshlarim, partiyalar faollari va keng jamoatchilik o'rtasida doimiy targ'ib qilib kelmoqdaman. Maqsadim mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy demokratik davlat barpo etish, erkin fuqarolik jamiyatini shaklantirish bilan bog'liq islohotlarga o'z ulushimni qo'shishdir.
Bahor XIDIROVA,
“YAngi O'zbekiston” muxbiri