Rossiya milliy tibbiyot palatasi rahbari, doktor Leonid Roshal, koronavirus pandemiyasi biologik urush uchun tayyorgarlik va sogʻliqni saqlash tizimi uchun sinovga aylandi, deb hisoblaydi.

“Men hozirgi vaziyatni tahlil qilar ekanman, bu biologik urushning repetitsiyasi ekanligini tushunaman. Men bu virusni odam yaratgan deb aytmayapman: bunday bayonotlar uchun yetarli asos yoʻq va bundan tashqari, men virusolog emasman. Ammo bu sogʻliqni saqlash tizimining, shu qatorda mamlakatning biologik himoyasi kuchining sinovidir”, dedi u Forbesga bergan intervyusida.

Mutaxassis Rossiya Prezidenti va hukumati, Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa idoralar tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarni toʻgʻri va oʻz vaqtida qabul qilingan, deya baholadi. U, shuningdek, kasallik avj olgan xorijiy davlatlar tajribasini qabul qilish kerakligini taʼkidladi.

Roshalning soʻzlariga koʻra, mamlakatda tobora oʻsib borayotgan tiklanishlar soni koronavirus bilan ogʻrigan bemorlarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifatini koʻrsatmoqda. Uning fikriga koʻra, Rossiya aholi zichligi pastligi sababli (Moskva va Moskva viloyatidan tashqari) pandemiyaning ogʻir oqibatlaridan qochib qutuldi.