Aholining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi masalalariga ixtisoslashgan Yevropaning yetakchi xorijiy ekspertlari, bir qator mustaqil ekspertlar, parlament, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyatlari vakillari koronavirus pandemiyasi davrida aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash jihatlarini Oʻzbekiston va Germaniya tajribasiga asoslangan holda ochiq muloqot shaklida muhokama qildilar.
Muhokama chogʻida Germaniya va dunyoning bir qator boshqa mamlakatlari pandemiya paytida aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga moliyaviy koʻmak berish boʻyicha tajribasi oʻrganildi.
Sherzod SAPAROV, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi oʻrinbosari:
— Pandemiya davrida aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash butun dunyoda boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham dolzarb masalaga aylandi. Shunday qiyin vaziyatda, davlat va fuqarolik jamiyati oʻrtasidagi samarali sheriklik namoyon boʻlmoqda, yaʼni Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi, fuqarolik jamiyati institutlari, jamoat tashkilotlari birlashib, inqirozni yengib oʻtishga harakat qilinmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga koʻmak berish maqsadida ularning roʻyxati, yaʼni “Temir daftar” shakllantirildi. Biroq mahalla raislari obyektiv/subyektiv sabablarga koʻra, muayyan yordam oluvchilarni eʼtiborsiz qoldirgan, odamlar davlat koʻmagisiz qolgan holatlar ham uchradi. Bunday vaziyatda koʻpincha inson omili rol oʻynadi, shuningdek, ehtiyojmand oilalarning farovonligini baholash mezoni standartlashtirilmagani va koʻp hollarda subyektiv mezonlarga asoslangani koʻzga tashlandi. Masalan, “temir daftar”ga kiritish paytida mahalla xodimlari va sektorlar rahbarlari bir necha yil davomida toʻplangan mol-mulk (transport vositalari, koʻchmas mulk va boshqalar) asosida moddiy ahvolni baholashgani, ular oilalarning daromadsiz qolganini inobatga olishmaganini aytish mumkin.
“Ijtimoiy himoya”, “reabilitatsiya” kabi atamalar mohiyati yana-da chuqurlashdi. Bu hayotimiz holatini toʻliq baholash, aholi bilan ishlashda boshqaruv tamoyillarini oʻrganish, ijtimoiy himoya uchun masʼul boʻlgan davlat idoralari tarkibida oliy maʼlumotli xodimlarning yangi ish uslublarni oʻzlashtirishni taqozo etadi. Hozirgi kunda mamlakatimizda ijtimoiy himoya bilan shugʻullanuvchi kadrlarni 3 ta OTM tayyorlaydi. Har yili 900 dan ortiq bitiruvchi diplomga ega boʻladi, ammo aksariyat davlat idoralarida ijtimoiy xodimlar shtat birliklari mavjud emas. Vaholanki, bu davlat idoralari uchun keng inson resursi boʻlishi mumkin. Mamlakatda muhtojlarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish uchun ijtimoiy xodimlar tizimini yaratish kerak. Bunda ijtimoiy himoya nafaqat moddiy yordam shaklida, balki inqirozga uchragan oilalarga patronaj xizmati, yolgʻiz keksalarga, yetimlarga yordam va mehnat muhojirlari oilalari bilan ishlash shaklida ham boʻlishi mumkin.
Martin SHEBESTA, Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning siyosiy maslahatchisi, Germaniya:
— Germaniyada kichik tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash hamda vaqtincha ishsizlarga nafaqa berishga hukumat tomonidan qariyb 50 mlrd yevro mablagʻ ajratildi.
Shuning uchun ham mamlakatda ishdan boʻshatishlarning katta toʻlqinini oldini olishga erishildi. Bunda tashkilot va kompaniyalar hukumatga moliyaviy muammolarga duch kelgani, ishchilarga oylik maosh toʻlay olmasligi va davlat tomonidan yordam koʻrsatilishini soʻrab murojaat qilishadi.
Davlat esa bu majburiyatni zimmasiga oladi va maoshlarning 50-70 foizini toʻlab beradi (korxonaning faoliyat shakli, oila aʼzolari soni hisobga olinadi), bu bilan fuqarolarning ishdan boʻshatilishidan himoya qiladi.
Shu sababli Germaniyada ishsizlik past darajada saqlab qolindi, baʼzi firmalar endilikda ishchilari maoshlarining toʻlanmay qolgan qismini toʻlab berishmoqda. Bundan tashqari, soliq imtiyozlari ham berilmoqda. Ehtiyojmand oilalarga ijara toʻlovini toʻlash kechiktirilmoqda.
Ilhom MAMATQULOV, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Kambagʻallikni qisqartirish siyosatini yuritish departamenti rahbari:
— Hozirgi pandemiya davrida yordamga muhtoj aholi qatlamini himoya qilish masalasida ayrim savollar yoki maʼlum bir noroziliklar boʻlmoqda. Bu masalada jarayonning shaffofligini taʼminlash uchun ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi ishlab chiqildi. Yaʼni himoyaga olish onlayn tizim orqali amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, pandemiya davrida aholini moddiy, nomoddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida joylarda ishchi guruhlar tashkil etildi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari qarorlari bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning dastlabki roʻyxatlari shakllantirildi. Mazkur roʻyxatni onlayn tarzda yuritish, monitoring qilish maqsadida avtomatlashtirilgan “Saxovat.Argos.Uz” elektron dasturi ishga tushirildi. Endilikda yordamga muhtoj aholi qatlamining roʻyxatini mazkur dasturga kiritish, daromad manbasini aniqlash, mehnatga layoqatli qismining bandligi taʼminlash, ular doimiy daromadga ega boʻlgandan soʻng, “Temir daftar”dan chiqarish ishlari bevosita onlayn amalga oshirilmoqda.
Kambagʻallikni qisqartirishda xalqaro tajribadan kelib chiqib, 3 ta vositadan foydalanish koʻzda tutilgan:
Birinchisi, yalpi talabni ragʻbatlantirish. Pandemiya davrida yalpi taklif imkoniyatlari cheklandi. Vaqtinchalik faoliyatini toʻxtatgan korxonalar, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qayta yoʻlga qoʻyishi uchun davlat tomonidan yengilliklar yaratildi. Kambagʻal aholi qatlamini kooperatsiyalarga jalb qilish, qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan yerlardan yer ajratish, subsidiyalar berish orqali ularga dastak (instrument) berilmoqda.
Ikkinchisi, inson kapitalini rivojlantirish. Aholiga imtiyozli kreditlar, toʻgʻridan-toʻgʻri moliyaviy koʻmak berilishi bunga misoldir. Hozirda ishsiz fuqarolar turli kasb-hunarlarga oʻqitilmoqda, buning uchun Monomarkazlar tashkil qilindi. Yuqori malaka, oliy maʼlumot talab etilmaydigan darajadagi ishlarga aholi koʻnikmalarni rivojlantirish maqsadida joylarda oʻquv kurslari ochilmoqda. Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida esa aholi tadbirkorlikka oʻqitilmoqda.
Uchinchisi, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarga toʻgʻridan-toʻgʻri moddiy va nomoddiy yordam berish. Bunda bogʻcha toʻlovlaridan ozod etish, maktabda taʼlim olayotgan bolalarni mavsumiy kiyim bilan taʼminlash ishlari amalga oshirilmoqda. Prezident qarori asosida Qurbon hayiti bayramida 182 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalarga qariyb 154 mlrd soʻmlik moddiy yordam ajratildi.
Oldimizda turgan asosiy vazifalardan bu – iqtisodiy oʻsish inklyuzivligini taʼminlash, doimiy ish oʻrinlarini yaratish, eng asosiysi, inson kapitali darajasini yaxshilash orqali kambagʻallikni qisqartirishdir. Zero, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida 2030-yilga borib Oʻzbekistonda kambagʻallikni ikki barobarga qisqartirish masalasi qoʻyilgan.
Muhokama natijalari boʻyicha mamlakat aholisini moddiy qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.