Unda qayd etilishicha, havo va temir yoʻl orqali tashrif buyurayotgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasiga kelish uchun havo yoki temir yoʻl qatnoviga roʻyxatdan oʻtishdan oldin soʻnggi 72 soatdan koʻp boʻlmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga faqat PZR (polimera zanjirli reaksiya) orqali tekshirilib, manfiy koʻrsatkichga ega, deb topilgan maʼlumotnomani taqdim qiladi.

PZR test oʻtkazish orqali koronavirus infeksiyasi mavjudligini tekshirish huquqiga ega laboratoriyalar va tibbiyot muassasalari roʻyxati quyidagi havolada qayd qilingan:

Oʻzbekiston Respublikasiga avtoyoʻl chegara oʻtkazish punktlari orqali kirib kelayotgan shaxslar tomonidan oʻz mablagʻlari hisobidan chegara oʻtkazish punktlarida faoliyat yuritadigan maxsus klinika yoki laboratoriyalarda koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi orqali manfiy natija qayd etilgan maʼlumotnoma taqdim etilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kiritiladi.

“Sariq” va “qizil” toifaga ajratilgan davlatlardan kirib kelayotgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishda majburiyatnoma toʻldirgan holda, 14 kunga yashash joyi boʻyicha yoki mehmonxonada uy karantinini oʻtashlari talab etiladi. Bunda, “yashil” toifaga kiritilgan davlatlardan kelayotgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga toʻgʻridan-toʻgʻri kiritiladi (koronavirus infeksiyasi alomatlari aniqlangan shaxslar bundan mustasno).

Oʻzbekiston Respublikasiga turist sifatida kelayotgan chet el fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasida doimiy istiqomat qilmaydigan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni taklif qilgan turoperator tomonidan DXX Chegara qoʻshinlari va Davlat bojxona qoʻmitasi vakillariga zarurat boʻlganda turizm xizmati koʻrsatilayotgan shaxslar va turizm xizmatini koʻrsatish shartnomasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan vaucher taqdim qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegaralari oʻtish punktlarida, xalqaro aeroport hamda vokzallardan Oʻzbekistonga “sariq” va “qizil” davlatlardan turoperator yoki turagent xizmatlaridan foydalanmagan holda mustaqil tashrif buyurayotgan turistlar umumiy tartibda kirib kelishi belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vaqtida turist tomonidan koronavirus infeksiyasining mavjud alomatlari tufayli topshirilgan test natijalari musbat chiqqanda oʻz mamlakatiga qaytib ketish masalasi shu kundagi muayyan aviakompaniya yoki boshqa transport kompaniyalarining yoʻlovchilarni tashish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.