Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus dunyodagi epidemiologik vaziyat haqida toʻxtalar ekan, SOVID-19ni kuzatish tobora qiyinlashayotganini taʼkidladi. Chunki keyingi paytlarda SARS-CoV-2 viruslarining genetik tahlili keskin kamaygan. Ushbu maʼlumotlarsiz kichik shtammlarning tabiati va kasallikning kechishini baholash imkonsiz. Qolaversa, aksariyat mamlakatlarda pandemiyaga qarshi kurash jarayoni sezilarli darajada susayib ketgan. Karantin qoidalari toʻliq amalda emas. Boz ustiga, odamlar emlanishga eʼtiborsiz qaramoqda.

Vaholanki, vaksinalar millionlab odamlarning hayotini saqlab qoldi. Shunga qaramay, hukumatlar xavf guruhiga mansub aholi qatlamining buster doza bilan emlanishini yetarli darajada nazorat qilmayapti. Shuningdek, boshqa xavfli kasalliklar, chunonchi, qizamiq va pnevmoniyaga qarshi vaksinalarning qoʻllanilishi ham talab darajasida emas!

JSST rahbari Marburg virusi xavfi xususida ham gapirdi. Uning qayd etishicha, ushbu infeksiya ogʻir gemorragik isitmani keltirib chiqaradi. Eng yomoni, xastalikka chalinganlarning yarmi virus asoratlari tufayli hayotdan koʻz yumishi mumkin.

Senegal davlatida hozirgacha mazkur infeksiyani yuqtirish bilan bogʻliq ikkita holat aniqlandi. Ayni paytda mahalliy hukumat bilan birgalikda epidemiyaning oldini olish choralari koʻrilyapti. Bundan tashqari, maymun chechagi keng tarqalishda davom etmoqda. U bugungacha 63 mamlakatda roʻyxatga olindi. Kasallik tasdiqlangan jami bemorlar soni esa 9200 nafarga yetgan.

JSSTning Favqulodda qoʻmitasi mazkur xastalikning ehtimoliy mutatsiyalari ustida tadqiqotlar olib bormoqda. Uning natijalariga koʻra, maymun chechagiga qarshi global chora-tadbirlar belgilanishi koʻzda tutilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.