"Tadbirda so‘z olgan Aziz Abduhakimov bugungi kunda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportga berilayotgan e'tiborga alohida to‘xtalib, endilikda sport turlari bo‘yicha federatsiya va assosiasiyalar para sportni rivojlantirishga ham jiddiy e'tibor qaratishi davr talabi ekanligini ta'kidladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilishi aytib o‘tildi" deyiladi Turizm va sport vazirligi Matbuot xizmati xabarida.
“Yaqinda Moskvaga qilgan safarimiz chog‘ida Rossiya shaxmat federatsiyasi rahbariyati bilan ham uchrashib, ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldik. Uchrashuvda Rossiya shaxmat federatsiyasi rahbariyati tomonidan O‘zbekistonda para shaxmatni rivojlantirishga oid o‘quv qo‘llanmasi va kitoblar taqdim etildi. Bu kitoblar brayl alifbosida chop etilgan bo‘lib, ko‘zi ojizlar orasida shaxmatni ommalashtirish va rivojlantirish yo‘lida xizmat qiladi”, - dedi Aziz Abduhakimov.
Tadbir doirasida Vladimir Barskiyning “Shaxmat maktabi” kitoblari jamlanmasi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi jamoasiga taqdim etildi.
Endigi vazifa esa – O‘zbekistonda para shaxmatni ommalashtirish, nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizni faol hayot tarziga jalb etish.