Ikki xil vaziyat ustuvorlik qilyapti – birida gardanida gʻalaba qozonish turgan boʻlsa, ikkinchisida esa oʻzini himoya qilish masʼuliyati. Balki bu unchalik qiyin emas, dersiz?! Lekin zimmasida yurt obroʻ-eʼtibori turgan bu irodali sportchilarning bir nafari Tokio ostonasidayoq karantinga olindi. Atletga yaqin masofada boʻlgan murabbiy va jamoadoshlarining 22 nafari tashkilotchilar tomonidan “Yopiq kontakt”, yaʼni jamoadoshlari bilan muloqotda boʻlish, birga ovqatlanish va mashgʻulot oʻtkazish imkoniyatidan ham mosuvo etildi. Ana endi delegatsiya aʼzolarining holatini, ruhiy bosim, tushkunlik va oʻziga boʻlgan ishonchni darz ketishi, men kasal emasmanmikan, degan soʻzning miyaga oʻrnashib qolgani, Olimpiya shaharchasidagi qatʼiy nazorat, bir soʻz bilan aytganda, «xaus» holati bir necha kun hukmron boʻldi.

Musobaqalarning dastlabki kundagi ilinji boʻlgan ilk bronza medal, soʻngra dzyudoda qoʻlga kiritilgan oltin sportchilar va mahalliy muhit oʻrtasidagi toʻsiqni olib tashlagandek boʻldi. Gʻalabali onlar bilan birga, juzʼiy muammolar qattiq karantindagi dzyudochi qizlarning (gʻoliblikka asosiy daʼvogar sportchilar) 5 yillik mehnatini chippakka chiqardi va musobaqada ishtirok etib, yurt sharafini himoya qilishdek muqaddas burchdan mahrum qildi…

Oʻzbekiston paralimpiya qoʻmitasi rahbariyati ularni ruhan qoʻllab-quvvatlayotgani, avvalo Prezidentimizning har bir sportchimiz ishtirokini kuzatib borayotgani va samimiy tilaklari ularga koʻtarinki ruh bagʻishlab turibdi.

Paralimpiya oʻyinlari esa davom etmoqda.

Men ularning yonida yurib, oʻzi yarim koʻngil boʻlsada, iroda va matonatlari yana ikki karra sinovdan oʻtayotgan uka-singillarim sabr-bardoshi oldida taʼzim qilaman. Har qanday vaziyatga dadil turib, muvaffaqiyatlar sari intilayotgan delegatsiyamiz aʼzolarini qoʻllab-quvvatlashga Siz – aziz muxlislarni chorlab qolaman.

Olgʻa Oʻzbekiston!

Malika MURODOVA, jurnalist

(Yaponiya)