Mazkur loyiha 2022-yilda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiyaning Koreya Respublikasiga safari chogʻida ilgari surilgan tashabbus asosida amalga oshirildi, deya xabar beradi viloyat hokimligi axborot xizmati.
Safar davomida Geongsangbuk-do viloyatidagi mashhur “Andong Hahoe” folklor qishlogʻi bilan tanishilgan va ana shunday etno-qishloqni Oʻzbekistonda tashkil etish taklifi bildirilgan edi. Davlat rahbari ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlagan.
Loyihaning asosiy maqsadi — Parkent hududining tabiiy goʻzalliklari va etnografik oʻziga xosligini saqlagan holda turizm salohiyatini oshirish.
Ochilish marosimida folklor jamoalar chiqishlari, milliy liboslar namoyishi va rassomlarning tasviriy sanʼat koʻrgazmalari namoyon qilindi. Shuningdek, mahalliy va xorijiy OAV vakillari, jumladan Janubiy Koreyaning “MOVE” jurnali ijodiy guruhi uchun Parkent boʻylab press-tur tashkil etildi.
Press-tur doirasida “Family Resort” mehmon uyi, “Kumushkon” hududidagi “Oltin bel” tepaligida qurilayotgan kurort zonalari va boshqa turizm obyektlari bilan tanishuv boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillari, xususan madaniyat, turizm va taʼlim masalalari boʻyicha bosh mutaxassis Xon Ji Yon xonim hamda boshqa faxriy mehmonlar ishtirok etdi.