Bugun ana shu xalqaro tadbir Parkent tumanining “Sanganak” mahallasida bo'lib o'tdi. Tadbir doirasida konferentsiya ishtirokchilarini "Sanganak" mahallasidagi avtobus joylashgan hudud, arg'imchoq, o'yingoh va bolalar maydonchalari bilan jihozlangani, unda 3 yoshdan 7 yoshgacha bo'lgan 45 nafar bola qamrab olingan holda bepul ta'lim berilishi hayratga soldi. Ular bu tajribani o'zlarining davlatida ham yo'lga qo'yish foydadan holi bo'lmasligini ta'kidlashdi.

Xorijiy ekspertlarga “Aqlvoy” avtobusiga quyosh batareyasi o'rnatilib, konditsioner, hojatxona, issiq-sovuq suv, tamaddilarni isitish uchun joy kabi qulayliklarga ega ekanligi haqida batafsil ma'lumot berildi.

– Mehmonlarga “Aqlvoy” mobil` bog'chasida olib borilayotgan mashg'ulotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirib berdik, – deydi tuman Maktabgacha ta'lim bo'limi mudiri Aziz Husanov. –   Xorijlik mutaxassislarda tarbiyalanuvchilarimiz milliy qadriyatlar, ya'ni, bog'cha yoshidan mustahkam oila, kattalarga hurmat, tabiatni asrash kabi tushunchalar bilan tarbiyalanayotganligi katta qiziqish uyg'otdi. Hindiston, Frantsiya, Afrika qit'asidagi bir qator davlatlar, shuningdek, Amerika va Portugaliyadan tashrif buyurgan mutaxassislar tumanimizda maktabgacha ta'lim borasida orttirgan tajribalarimizni yuqori baholashdi.

Tuman sektor rahbarlari ishtirok etgan tadbirda hokim SHohrux SHoahmedov mehmonlarga tumanimizning uzumchilik va turizm salohiyati haqida ingliz tilida gapirib berdi.

– Parkent tumanidagi “Aqlvoy” mobil` bog'chasining faoliyati bizni hayratga soldi, – deydi AQSHning Vashinton shtatidan tashrif buyurgan mutaxassis A.Persaud. – Umuman olganda, chekka hududlardagi oilalar farzandlariga bepul ta'lim berish maqsadidagi bu loyiha har qancha e'tirofga loyiq. Bundan tashqari, tadbirda tumaningiz hokimi SHohrux SHoahmedov hududlardagi uzumchilik rivoji, Parkentning turizm salohiyati haqida ingliz tilida ravon gapririb berishi kutilmagan holat bo'ldi.