Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, tegishli vazirlik va idoralar masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, Barqaror rivojlanish maqsadlarining 13-maqsadi aynan iqlim oʻzgarishi va uning oqibatlariga qarshi kurash boʻyicha tezkor choralarni qabul qilishga bagʻishlangan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015-yilning sentyabrida Barqaror rivojlanish boʻyicha oʻtkazilgan sammitida qabul qilingan 70-son rezolyutsiyasiga muvofiq, shuningdek, 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning amalga oshirilishi yoʻnalishida davlatimizda qator ishlar amalga oshirilyapti.

Taʼkidlanganidek, Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-oktyabrda 841-son qarori qabul qilingan va ushbu qarorda 2030-yilgacha boʻlgan davrda milliy maqsad va milliy vazifalar, ularni amalga oshirish uchun masʼullar aniq belgilab berilgan.

Bunda tegishli vazirlik va idoralarga iqlim oʻzgarishiga aks-taʼsir choralarini milliy darajada siyosatga, strategiyaga va rejalashtirishga kiritish, muassasalar, tashkilot va korxonalarning iqlim oʻzgarishi oqibatlarining oldini olish, ularga moslashish va xavfli iqlim hodisalarining tavakkalchiligidan erta ogohlantirish boʻyicha xabardorligi, maʼlumotlarning tarqatilishini hamda imkoniyatlarini yaxshilash vazifa qilib belgilangan.

Tadbirda soʻz olganlar mamlakatimizda Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar kelgusida bajarilishi lozim boʻlgan masalalariga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Shuningdek mahalliy va xorijiy ekspertlar “Markaziy Osiyo sharoitlarida iqlim oʻzgarishiga moslashish”, “Qurgʻoq muhitda iqlim oʻzgarishi: saboqlar va oqibatlar”, “Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishi va qishloq xoʻjaligi: hamkorlik va yechimlar”, “Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish strategiyasi”, “Iqlim bilan bogʻliq sohani moliyalashtirish”, “Oʻzbekiston sharoitida iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarining oldini olish” mavzular bilan ishtirok etishdi.

Yigʻilish yakunida muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli tavsiyalar qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.