баннер
Sayt test rejimida ishlamoqda
Лого Лого-пв-уз

    Parlament diplomatiyasida xalq manfaatlari

    Qonun loyihasining birinchi o'qish jarayonidagi muhokamasi tom ma'noda jonlandi.

    Inson huquq va manfaatlari qonun bilan mustahkamlangan, har nedan ustun qo'yilgan jamiyat, mamlakatda rivojlanish bo'y cho'zadi. Bu, ayniqsa, zamonaviy dunyo tajribasida o'z isbotini topayotgan haqiqatdir.

    O'zbekistonda uzoq emas, so'nggi besh yillarda inson, uning huquq va erkinliklariga bo'lgan qarash tubdan o'zgardi. Real turmushimizda his etayotganimiz bu haqiqat, eng avvalo, davlat va xalq o'rtasidagi munosabatlarda yaqqol namoyon bo'lmoqda.

    Bugun “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “so'z erkinligi”, “din va e'tiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy ko'nikmalar real voqelikka aylanib bormoqda. Buni bir tomondan, davlat organlarining faoliyati tobora shaffof va ochiqlashib borayotgani, ikkinchi tomondan esa, jamoatchilik fikri OAV, NNT va fuqarolik jamiyati institutlari orqali davlatga yetib borib, uning kundalik faoliyatida katta ta'sir ko'rsatayotganida kuzatish mumkin.

    Birgina misol, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama etilayotgan va qabul qilinayotgan har bir qonun, har bir qarorda xalq manfaatlari aks etmoqda. Parlamentning yalpi majlislari onlayn formatda teleradio kanallari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali to'g'ridan-to'g'ri keng jamoatchilikka namoyish etila boshlandi. E'tiborlisi, jamoatchilik vakillari ushbu muhokamalarning faqatgina passiv kuzatuvchisi bo'lmasdan, ular haqida interfaol ravishda o'z fikr-mulohazalari va takliflarini berish imkoniyatiga ham ega bo'lmoqda.

    Yana bir muhim jihati, so'nggi yillarda milliy parlamentarizmda ilgari umuman kuzatilmagan yangi institut va amaliyotlar joriy qilindi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga murojaat bilan chiqish instituti, Vazirlar Mahkamasining har yilgi Davlat dasturlarining ijrosi bo'yicha parlament oldida hisobot berishi amaliyoti, Hukumat a'zolarining quyi palata oldida maxsus hisoboti, ya'ni “Xukumat soati” instituti, Davlat byudjetini qonun shaklida qabul qilish amaliyotlari shular jumlasidandir.

    Shuning barobarida, deputatlarning aholi bilan doimiy muloqotini kuchaytirish maqsadida ularning ijtimoiy tarmoklarda sahifalari yaratildi va ular o'z saylovchilari bilan interfaol shaklda muloqot qilish imkoniyatiga ega bo'ldi.

    2017—2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlisning rolini yanada kuchaytirish borasida muhim omil bo'lmoqda.

    Ushbu tarixiy hujjat o'tgan qisqa davrda xalq saylagan vakillik organlari — parlament va xalq deputatlari Kengashlarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o'rni va ahamiyatini tubdan o'zgartirdi. Qonunchilik tashabbusi huquqi sub'ektlarining qonun ijodkorligi jarayonidagi mas'uliyati yanada oshirildi.

    Endilikda, qonun loyihasi birinchi o'qishda qabul qilinayotganda, qoida tariqasida, tashabbuskor sub'ekt yoki uning vakili ma'ruza bilan chiqishi ham ijobiy amaliyotlardan. Natijada qonun loyihasining birinchi o'qish jarayonidagi muhokamasi tom ma'noda jonlandi.

    Albatta, bu borada O'zbekistonda parlament diplomatiyasining ahamiyati ham tobora yuksalib borayotganini alohida ta'kidlash lozim. Ta'bir joiz bo'lsa, parlament milliy manfaatlarimizni himoya qilishga hamda ilgari surishga asoslangan tashqi siyosiy faoliyatning faol ishtirokchisiga aylandi.

    Oliy Majlisning xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorlik bo'yicha guruhlari faoliyati yanada faollashdi. Bugungi kunda ushbu parlamentlararo hamkorlik guruhlari xorijiy davlatlar qonun chiqaruvchi organlari bilan aloqalarni rivojlantirish uchun doimiy maydon vazifasini o'tamoqda va o'z navbatida, chet ellik hamkorlar bilan ochiq, konstruktiv, jonli muloqot olib borishning qulay mexanizmiga aylanyapti.

    Raqamlarga nazar tashlaydigan bo'lsak, 2015–2019-yillar davomida jami 28 davlatning qonunchilik organlari bilan hamkorlik guruhlari faoliyat olib borgan bo'lsa, 2021-yilda ularning soni 51 taga yetdi. Jumladan, 50 ta davlat va 1 ta Yevropa Ittifoqi parlamenti bilan hamkorlik guruhlari tashkil qilindi.

    Bugun xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro tashkilotlar bilan ko'p qirrali va samarali hamkorlik ko'lamini yanada oshirish, parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashishni uyushtirish, mamlakatimizda olib borilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi keng ko'lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini jahon hamjamiyatiga etkazishda mazkur hamkorlik guruhlarining roli tobora kuchayib bormoqda.

    Ahamiyatli tomoni, so'nggi besh yil ichida Oliy Majlis ko'plab nufuzli parlamentlararo birlashmalarga a'zo bo'lib kirdi. Parlamentlararo Ittifoq, MDHga a'zo mamlakatlarning Parlamentlararo Assambleyasi shular jumlasidan. 2017-yildan e'tiboran O'zbekiston Respublikasi o'zining EXHT Parlamentlararo Assambleyasidagi ishtirokini qayta tikladi. Hozirgi kunda mamlakatimizning Turkiy tilli davlatlar Parlament Assambleyasiga a'zoligi masalasi ko'rib chiqilmoqda.

    Qonunchilik palatasining xalqaro aloqalari geografiyasini kengaytirish, jahon miqyosida mamlakatimiz milliy manfaatlarini himoya qilish, parlamentlararo guruhlar faoliyatini jonlantirish hamda bu borada ta'sirchan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari lavozimi joriy etildi. Ushbu yangi institutning tashkil etilishi parlamentning xalqaro parlamentlararo aloqalarini sezilarli darajada faollashtirdi.

    Xorijiy davlatlar parlamentlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro parlamentlararo tashkilotlar faoliyatida Oliy Majlisning faol ishtirokini ta'minlash, xalqaro maydonda mamlakatimizning tashabbuslarini ilgari surish maqsadida O'zbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi kontseptsiyasi tasdiqlandi.

    Parlamentlararo hamkorlik guruhlari O'zbekistonning xalqaro nufuzini mustahkamlash, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar to'g'risida jahon hamjamiyatiga xolis axborot yetkazish, xorijiy davlatlar parlamentlari bilan tajriba almashinuvini yo'lga qo'yish orqali o'zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.

    Bir so'z bilan aytganda, so'nggi yillarda parlamentimiz mamlakat tashqi siyosatining faol subyektiga aylandi. Parlament diplomatiyasining geografiyasi kengayib, natijadorligi oshib boryapti. Ushbu holat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalarda uzviy aloqalarni o'rnatish imkonini shakllantirib, davlatlarimiz o'rtasidagi o'zaro do'stona munosabatlarni mustahkamlashga har tomonlama yordam beradi.

    Qodir JO'RAYEV,

    Oliy Majlis Qonunchilik

    palatasining

    Xalqaro ishlar va parlamentlararo

    aloqalar qo'mitasi raisi o'rinbosari