PI prezidenti Oʻzbekiston parlamenti aʼzolarining Tashkilot ishida faol ishtiroki, shu jumladan, yoshlar, gender siyosati, atrof muhit va sogʻliqni saqlash kabi kun tartibidagi masalalarni olqishladi.
D.Pacheko Oʻzbekistonda olib borilayotgan yoshlar siyosati Parlamentlararo Ittifoq strategiyasi bilan hamohang ekanini taʼkidladi. Shu munosabat bilan u mamlakat parlamentida yoshlarning vakilligini yuqori baholadi.
Koʻpgina rivojlangan mamlakatlarda yoshlar parlamentda koʻpi bilan 3 foiz darajasida. Oʻzbekistonda esa bu koʻrsatkich ikki barobar yuqori. Shu bilan birga PI Oʻzbekistonning mamlakat qonun chiqaruvchi organida yoshlar sonini koʻpaytirish niyatini olqishlaydi. Ittifoqning “Yosh parlamentga “ha” deb ayt” aksiyasini qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
Ayniqsa, Oʻzbekiston parlamenti aʼzolari umumiy sonining 32 foizini xotin-qizlar tashkil etishi jahondagi eng yaxshi koʻrsatkichlardan biri ekanligi alohida taʼkidlandi. Soʻnggi yillarda gender tenglik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ijobiy bahoga loyiqdir.
Shu munosabat bilan D.Pacheko 2022-yil sentyabr oyida Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan navbatdagi Jahon ayol-spikerlarining forumi yuksak saviyada tashkil etilishiga ishonch bildirdi. U kelasi yili Oʻzbekistonga tashrif buyurish niyatini izhor etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston va PI oʻrtasida oʻzaro manfaatli sohalarda hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan kelishuvga erishdilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.