Unda Markaziy Saylov komissiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov boʻyicha saylov kampaniyasi boshlangani eʼlon qilinishi munosabati bilan partiyaning ushbu saylovda ishtirok etishi bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.
Plenumda taʼkidlandiki, yangilangan Konstitutsiyamizga, Saylov kodeksiga muvofiq mamlakatimizda ilk bor aralash tizimda oʻtadigan saylov Xalq demokratik partiyasi uchun jamiyatimizdagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy masalalar boʻyicha yangi taklif-tashabbuslarni ilgari surish, partiyaviy dasturlarni takomillashtirish, xalqimiz xohish-irodasini bilish, koʻproq deputatlik oʻrinlarini qoʻlga kiritishga sharoit yaratadi.
Shularga asosan plenumda Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining saylovda ishtirok etishi haqida yakdil qaror qabul qilindi. Unga koʻra, Markaziy saylov komissiyasiga joriy yilgi parlament quyi palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga saylov kampaniyasida partiyaning ishtirok etishi boʻyicha Saylov kodeksiga muvofiq ariza topshirilishi qayd etildi.
Plenumda saylov kampaniyasi davrida barcha tashkiliy-huquqiy ishlarni qatʼiy reja asosida, masʼuliyat bilan tashkil etish maqsadida partiya Markaziy saylov shtabini tuzish haqida qaror ham qabul qilindi. Shtabning vazifa va vakolatlari belgilandi.
Viloyat, tuman va shahar partiya kengashlarining saylov shtablarini tuzish va ularning samarali faoliyat yuritishini tashkil qilish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Xalq demokratik partiyasi saylovga qizgʻin va tizimli tayyorgarlik koʻrishini, mamlakatimizning barcha hududlarida partiya yetakchilari, faollar va koʻp ming sonli xayrixohlar bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, oʻtgan yilllardagi faoliyati tanqidiy tahlil qilinishi hamda yangi takliflar olinishi koʻrsatib oʻtildi.
Kampaniyada partiyaning faol va munosib ishtirokini taʼminlash maqsadida asosiy tadbirlarning kalendar rejasi tasdiqlandi.
Plenumda koʻrib chiqilgan masalalar va qabul qilingan qarorlar haqida Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulugʻbek Inoyatov maxsus bayonot berdi.
Bayonotda, jumladan, xalqimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi va daxldorligi yanada yuksalgan sharoitda oʻtadigan saylov kampaniyasida yurtimizdagi barcha saylovlarda munosib qatnashib, ulkan tajriba toʻplagan Xalq demokratik partiyasi yuqori natijalar uchun intilishi maʼlum qilindi.
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi
axborot xizmati