Loyihaga koʻra, amaldagi 100 AQSH dollari miqdoridagi limitni 500 AQSH dollarigacha oshirish rejalashtirilmoqda. Agar ushbu oʻzgarish qabul qilinsa, 500 dollar ekvivalentigacha boʻlgan naqd chet el valyutasini sotib olishda pasport taqdim etish talab etilmasligi mumkin.

Shu bilan birga, mijozlarni tekshirish tartiblari saqlanib qoladi. Jumladan, banklar:

— mijoz shaxsini identifikatsiya qilish;

— uning nomidan harakat qilayotgan shaxs vakolatlarini tekshirish;

— benefitsiar mulkdorni aniqlash;

— operatsiya maqsadi va xususiyatini oʻrganish;

— zarur hollarda mablagʻlar manbasini monitoring qilish kabi choralarni amalga oshiradi.

Qaror loyihasida bank hisobvaragʻini ochmasdan amalga oshiriladigan operatsiyalar boʻyicha tekshiruv chegaralarini ham oʻzgartirish nazarda tutilgan. Hozirda bunday tekshiruvlar bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga teng (taxminan 206 mln soʻm) summadan boshlanadi. Loyihada esa ushbu chegarani 175 million soʻm etib belgilash taklif qilinmoqda.

Markaziy bankka koʻra, mazkur oʻzgarishlar aholi uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan. Shuningdek, tekshiruv chegaralari FATF — jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro tashkilotning 10-tavsiyasi talablariga muvofiqlashtirilmoqda.

Ushbu tavsiyalarga muvofiq, bir martalik operatsiyalar boʻyicha tekshiruv chegarasi 15 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Ayni paytda amaldagi chegara (taxminan 16,9 ming dollar) ushbu meʼyordan yuqori hisoblanadi. Shu bois, uni 175 million soʻm darajasida belgilash taklif etilmoqda.

Qayd etilishicha, qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasidan soʻng yakuniy shaklga keltiriladi.