Past qon bosimi bilan kurashishning bir necha varianti mavjud:

Gipotoniklar kuniga odatdagidan 2-3 stakan koʻproq suv ichishi kerak. Bu ularga qon bosimni meʼyorda ushlab turishga yordam beradi.

Gipotoniklar 9-10 soat uxlashi kerak. Bu vaqt ularga kun davomida sarflagan kuchlarini qayta tiklashga koʻmaklashadi.

Muntazam ravishda sport bilan shugʻullaning. Eng yaxshi dori - piyoda sayr qilish, suzish, serharakat oʻyinlar. Bizning barcha harakatlarimiz qon aylanishini yaxshilaydi, u tomirlar boʻylab harakatlanib, tanadagi barcha organlarni ishlashga majbur qiladi va natijada umumiy jismoniy holat yaxshilanadi.

Kontrast dush juda foydali, chunki u qon tomirlar holatini yaxshilaydi. Sovuq suv quyish, sauna, uqalash ham yordam beradi. Biroq shuni yodda tutish lozimki, harorat rejimini keskin oʻzgartirish (sovuqdan issiqqa chiqish)dan saqlanish lozim. Bu hatto hushni yoʻqotishgacha olib kelishi mumkin.

Past qon bosimi kuzatiladigan kishilar oʻrinlaridan keskin turishlari tavsiya etilmaydi. Keskin qoʻzgʻalish natijasida gipotonik hushini yoʻqotishi ehtimoli bor.

Quloqlar organizmning eng taʼsirchan nuqtalaridan biridir. Uqalash mashqlarini qoʻlda yoki biror ingichka predmet, masalan, gugurt choʻpida amalga oshirish mumkin. Gugurt choʻpi yordamida qulogʻingizdagi eng ogʻriqli nuqtani topib, oʻzingizni yaxshi his qilmaguningizcha uqalayvering. Avval ogʻriqli nuqta atrofini (20 soniyacha), keyin esa ogʻriqli nuqtalarni bosib uqalanadi. Bu usul yaxshigina samara beradi.