Pastdargʻom tumani “Kamolot” mahallasi ahli bir necha oydan buyon kechasi tarqaladigan ogʻir hidli tutundan aziyat chekib kelayotgani haqida jamoatchilikka murojaat qilgan. Tumandagi mutasaddilar tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish vaqtida havo ifloslanishiga “Ismoil Zaxro” MCHJning faoliyati sabab ekani aniqlangan.
Maʼlumotlarga koʻra, korxona avtomashina ballonlarini yoqib, chorva mollari uchun yemish tayyorlagan. Hatto Samarqand shahrining “Super” hududiga yaqin joydagi mazkur manzildan shahar aholisi ham tushkunlikka uchragan.
Tuman hokimi oʻrinbosari Aziz Gʻafurovning aytishicha, tadbirkor uzoq vaqt davomida 40 sotixli yopiq hududga ishchi guruhlarni kiritmagan. 3-dekabr kuni barcha mutasaddi idoralar qatnashgan tekshiruvda mazkur hududda ikki yildan beri choʻchqa boqilayotgani maʼlum boʻldi.
Viloyat ekologiya boshqarmasiga koʻra, korxona choʻchqa boqish va ozuqa tayyorlash faoliyati uchun kerakli ekologiya hamda sanitariya-epidemiologiya ruxsatnomalarini olmagan. Shuningdek, korxonaning soliq qarzdorligi 60 million soʻmdan oshgani, rasmiy aylanmasi esa 2024-yilda 400 ming, 2025-yilda 1 mln soʻmni tashkil etgani qayd etilgan.
Hokimlik holat tezkorlik bilan toʻxtatilganini, javobgar shaxslarga nisbatan qonunchilikka muvofiq choralar koʻrilishini maʼlum qildi.