“Ajablanarlisi shundaki, meni fransuz politsiyasining xatosi tufayli hibsga olishdi: 2024-yil avgustigacha ular Fransiya va Yevropa Ittifoqi qonunlarini e'tiborsiz qoldirib, talab qilingan huquqiy tartib-qoidalar orqali Telegramga o'z so'rovlarini yuborishmadi”, dedi u.
Durovning ta'kidlashicha, oradan bir yil o'tib tergov tadbirkor va Telegramni aybini aniqlay olmadi. “Bizning moderatsiya amaliyotimiz sanoat standartlariga mos keladi va Telegram har doim Fransiyadan kelgan barcha qonuniy talablarga javob berib kelgan”, deya aniqlik kiritdi u.
Durovning so'zlariga ko'ra, uning hibsga olinishining yagona oqibati Fransiyaning erkin davlat imijiga putur etkazishdir. Shuningdek, u hibsga olinganidan bir yil o'tib, har 14 kunda Fransiyaga qaytishga majbur bo'layotganini, shu bilan birga apellyatsiya muddati hali belgilanmaganini aytdi.
O'tgan yilning 24-avgustida Durov Parijdagi Le-Burje aeroportida bir qator ayblovlar, jumladan, jinoiy guruh tarkibida noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirish maqsadida onlayn platformani boshqarishda ishtirok etganlikda ayblanib hibsga olingan edi. Bunday huquqbuzarlik, Parij prokuraturasi bayonotiga ko'ra, 10 yilgacha qamoq va 500 ming yevro jarima bilan jazolanishi mumkin. Tergov sudyasining qarori bilan tadbirkor 5 million yevro miqdorida garov to'lash majburiyati bilan sud nazoratiga o'tkazildi. Shuningdek, unga haftasiga ikki marta politsiya bo'limiga kelish buyurilgan va Fransiyani tark etish taqiqlangan.
Iyun oyining o'rtalarida Fransiya hukumati Durov uchun sud nazorati shartlarini yumshatib, unga 10-iyuldan boshlab respublika hududini tark etishga ruxsat berdi, deb xabar berdi oxu.az.