Paxta mavsumida nechta mansabdor javobgarlikka tortildi?

    Mamlakatimizda 31 Oktabr 2020 2578

    2020-yil paxta yigʻim-terimi mavsumi oʻz nihoyasiga yetayotgan boʻlsada, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan majburiy mehnatga qarshi kurash boʻyicha monitoring tadbirlari olib borilmoqda.

    Bu haqda vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

    Monitoring natijalariga koʻra, respublikamizning ayrim hududlarida kuzatilayotgan majburiy mehnat holatlari boʻyicha Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan keskin choralar koʻrilmoqda.

    Xususan, joylarda 2 570 dan ortiq tashkilot, fermer xoʻjaligi va klasterlarda oʻtkazilgan monitoring natijasida mehnat munosabatlariga rioya qilinishi yuzasidan 158 nafar mansabdor shaxslar maʼmuriy javobogarlikka tortilgan.

    Bunda, 35 nafar mansabdor shaxsga majburiy mehnatga jalb etish holati yuzasidan 372 mln. 410 ming soʻm miqdoridagi maʼmuriy jarima, band boʻlmagan aholini terimga jalb qilish, terimchilar uchun munosib mehnat hamda dam olish sharoitlarini yaratish, terim pullarini oʻz vaqtida va belgilangan meʼyorlarda berish masalalari yuzasidan 123 nafar mansabdor shaxslarga 204 mln. 937 ming soʻm miqdorida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 49-moddasi boʻyicha javobgarlikka tortildi.

    Jumladan, Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi “Oqrobot yulduzi”, Navbahor tumanidagi “Xamra juma”, “Asadbek Sarvarbek”, Xatirchi tumanidagi “Oydinov Odil Nodira”, Xorazm viloyatining Shovot tumanidagi “Ergash Roʻzimov”, Xonqa tumanidagi “Matyakubov Akmal”, Xiva tumanidagi “Said ota Madaminov”, Urganch tumanidagi “Kuramboyev Inoyat”, Yangibozor tumanidagi “Gʻaniyev Rustam Roʻzmetovich” fermer xoʻjaliklari rahbarlari paxta teruvchilar uchun yotoq joylarida va ovqatlanish boʻyicha zarur sharoitlarni yaratib bermaganligi uchun maʼmuriy jarimaga tortildi hamda terimchilar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratib berildi.

    Oʻtkazilgan monitoring davomida 550 dan ortiq fuqarolar bilan tegishli shartnomalar rasmiylashtirilmaganligi aniqlanib, nafaqat fermer xoʻjaliklari va klasterlar rahbarlari, balki, fuqarolar bilan ham tushuntirish ishlari olib borildi va tegishli shartnomalar tuzildi. 53 ta holatda aybdorlarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik choralari qoʻllanildi.

    Masalan, Jizzax viloyatining Mirzachoʻl tumanidagi “Saidazim Eshboyev” fermer xoʻjaligi rahbari Samarqand viloyatining Payariq tumanidan kelgan koʻngilli terimchilarni ular bilan tegishli tartibda shartnoma rasmiylashtirmagan holda paxta terimiga jalb etganligi bois, maʼmuriy javobgarlikka tortildi hamda terimchilarning mehnat huquqlari tiklandi.

    Shuningdek, joylardagi 17 ta fermer xoʻjaligi va klasterlarda terim pullari oʻz vaqtida berilmagan 410 nafardan ortiq fuqaroga 173 mln. soʻmdan ortiq kunlik ish haqi toʻlab berilishi taʼminlandi. Bu kabi holatlar takrorlanishining oldini olish maqsadida ish beruvchilar bilan tushuntirish ishlari olib borildi.

    Xususan, ijtimoiy tarmoqdan kelib tushgan murojaatni oʻrganish jarayonida Xorazm viloyatining Xiva tumanidagi “Temurbek Xamidbek” fermer xoʻjaligi rahbari joriy yilning 14-oktyabridan 20-oktyabriga qadar terimchilarga mehnat haqini kechiktirganligi sababli maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatma asosida terimchilarning paxta pullari toʻlab berildi.

    Bu kabi holatlar Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi “Qamchiboy ota dalasi”, Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Ergashboy barakali yerlari” fermer xoʻjaliklari, Ulugʻnor tumanidagi “Bunyodkor Magistral” masʼuliyati cheklangan jamiyati, Buxoro viloyatining Olot tumanidagi “Joʻra Koʻmak” fermer xoʻjaligi, Namangan viloyatining Pop tumanidagi “Artsoft progress”, Uychi tumanidagi “Barnogul Ziyo Fayz” fermer xoʻjaliklari, Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon tumanidagi “AVS Oqqoʻrgʻon Agro klaster”, Quyichirchiq tumanidagi “TST Klaster”, Boʻka tumanidagi “Melik don agro” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari, “Shirin”, Oqqoʻrgʻon tumanidagi “Kukbartube” fermer xoʻjaliklarida ham kuzatildi.

    Davlat mehnat inspeksiyasi respublikamizda majburiy mehnatga qarshi keskin kurash ketayotganligini taʼkidlagan holda, majburiy mehnat holatlariga guvoh boʻlgan fuqarolarimizdan 1176 qisqa raqamiga, (71) 200-06-00 Ishonch telefoniga yoki www.dmi.mehnat.uz sayti orqali murojaat qilishlarini soʻraydi.

    Hurmatli fuqarolar, oʻzingizning mehnat huquqlaringiz buzilishiga yoʻl qoʻymang! Majburiy mehnat ishtirokchisi boʻlib qolishdan ogoh boʻling!

    Eslatib oʻtamiz, bizga murojaat qilganligingizda shaxsingizning oshkor etilmasligi kafolatlanadi.