Hatto eng tayyorkor va ehtiyotkor shaxs ham ish vaqtida nogahon jarohat olishi yoki vafot etishi mumkin. Shunday vaziyatda esa eng muhimi – xodimning oilasi moddiy qo‘llab-quvvatlanishi kafolatlangan bo‘lishi lozim.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda mehnat munosabatlarini tartibga solish, xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ijtimoiy kafolatlarni kuchaytirishga qaratilgan qator islohotlar amalga oshirildi. Shu bilan birga ish joyida baxtsiz hodisalar yoki xodimning xizmat faoliyati davomida vafot etishi bilan bog‘liq holatlarda uning oila a’zolariga qanday kompensatsiyalar va ijtimoiy kafolatlar berilishi masalasi jamoatchilikni qiziqtirayotgan muhim mavzulardan biri hisoblanadi.
Mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi inspektori Begzod Begmatov bilan suhbatlashdik.
Baxtsiz hodisa qanday tekshiriladi?
Mutaxassisning ta’kidlashicha, agar korxona yoki tashkilotda mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisa sodir bo‘lsa, ish beruvchi bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasiga zudlik bilan xabar berishi shart.
Shundan so‘ng vakolatli organ tomonidan maxsus tekshiruv komissiyasi tuziladi. Komissiya tarkibiga ish beruvchi vakili, tegishli tashkilotlar hamda zarur hollarda sug‘urta kompaniyasi vakillari ham kiritiladi.
Komissiya hodisa sabablarini o‘rganib, tashkilotda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga qay darajada amal qilinganini tekshiradi. Tekshiruv natijasida xodimning vafoti yoki jarohati haqiqatan ham mehnat faoliyati bilan bog‘liq ekani aniqlansa, bu holat rasmiy ravishda ro‘yxatga olinadi.
Qanday kompensatsiyalar to‘lanadi?
Agar baxtsiz hodisa natijasida xodim og‘ir jarohat olsa, ish beruvchi unga kamida bir yillik ish haqi miqdorida bir martalik nafaqa to‘lashi shart. Shuningdek, xodimning davolanish xarajatlari ham ish beruvchi tomonidan qoplanadi.
Agar baxtsiz hodisa oqibatida xodim vafot etsa, ish beruvchi uning oilasiga kamida olti yillik ish haqi miqdorida bir martalik kompensatsiya to‘lashi kerak.
Bundan tashqari, marhum xodimning qaramog‘ida bo‘lgan oila a’zolariga har oylik to‘lovlar amalga oshiriladi. Masalan, agar xodimning voyaga yetmagan farzandlari bo‘lsa, ular 18 yoshga to‘lgunga qadar har oy maoshdan hisoblangan mablag‘ bilan ta’minlanadi.
Agar marhumning farzandlari bo‘lmasa, lekin ishlamaydigan turmush o‘rtog‘i yoki nafaqadagi ota-onasi uning qaramog‘ida bo‘lgan bo‘lsa, ular ham qonunchilikda belgilangan tartibda har oylik to‘lovlar olish huquqiga ega.
Qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar
Qonunchilikka muvofiq, baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgan xodimning oilasi uchun qator ijtimoiy kafolatlar ham nazarda tutilgan. Masalan, dafn marosimi bilan bog‘liq xarajatlar ish beruvchi tomonidan qoplanadi.
Shuningdek, agar marhum xodimning farzandi oliy ta’lim muassasasida kontrakt asosida o‘qiyotgan bo‘lsa, uning kontrakt to‘lovini ish beruvchi qoplab berishi mumkin.
Bu qoidalar kimlarga tegishli?
Mutaxassisning ta’kidlashicha, mehnatni muhofaza qilishga oid qonunchilik mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarga bir xil tatbiq etiladi. Ya’ni davlat tashkilotlari, xususiy korxonalar, kichik biznes subyektlari va yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatida ham ushbu qoidalar amal qiladi.
Qaysi holatlar mehnat faoliyati bilan bog‘liq deb hisoblanadi?
Qonunchilikka ko‘ra, quyidagi holatlarda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa mehnat faoliyati bilan bog‘liq deb topilishi mumkin:
tashkilot hududida sodir bo‘lsa;
xizmat safari vaqtida yuz bersa;
ish beruvchi tomonidan ajratilgan transport vositasida xizmat vazifasini bajarayotganda sodir bo‘lsa;
xizmat topshirig‘ini bajarish maqsadida boshqa manzilga ketayotganda yo‘l-transport hodisasi yuz bersa.
Bundan tashqari, ayrim holatlarda yurak xuruji yoki insult kabi holatlar ham mehnat faoliyati bilan bog‘liq deb topilishi mumkin. Masalan, agar xodim uzoq vaqt ortiqcha ishlagani, doimiy ruhiy bosimda ishlagani yoki dam olish kunlarida ham ishga jalb qilingani hujjatlar bilan tasdiqlansa, bunday holatlar ham tekshiruv asosida mehnat faoliyati bilan bog‘liq deb baholanishi mumkin.
Qayerga murojaat qilish kerak?
Agar ish beruvchi baxtsiz hodisa haqida vakolatli organlarga xabar bermasa yoki holatni yashirishga urinish bo‘lsa, jabrlanuvchi yoki uning oila a’zolari Davlat mehnat inspeksiyasiga, ichki ishlar organlariga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Mehnat inspeksiyasiga murojaat qilish bepul hisoblanadi. Tekshiruv natijasida ish beruvchi aybdor deb topilsa, unga nisbatan ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik choralari qo‘llanilishi mumkin.