Ushbu zamonaviy qurilma suv taqchilligi sharoitida uning har qatrasidan tejab-tergab foydalanish imkonini bermoqda. Fermer ushbu yangi texnologiyani boshqarish dasturini uyali qoʻl telefoniga oʻrnatib olib, endilikda gʻoʻza maydonlarini sugʻorishni masofadan turib boshqarmoqda.

– Bu qurilma chinakam moʻjiza ekan, – deydi fermer Ulugʻbek Yoʻldoshev. – Ilgari ushbu maydonlardagi gʻoʻzani 7-8 nafar suvchi kechayu kunduz qariyb bir oy mobaynida sugʻorar edi. Endi bu ishni atiga bir kishi 6-7 kunda uddalyapti. “Suv urib ketdi”, “Suv koʻllab qoldi”, “Suv yetib bormadi” degan xavotirlardan qutilganimizni aytmaysizmi?!

Ayni kunlarda xoʻjalikda gʻoʻza maydonlari soʻnggi marotaba sugʻorilyapti. Obihayotga qonayotgan gʻoʻzalar kun sayin boʻy choʻzib, gullar shonaga, shonalar esa koʻrakka aylanmoqda.

Bu yil choʻl sharoitida hosildorlikni 40 sentnerdan oshirishni rejalashtirgan fermer kelgusi yili barcha paxta maydonlarida tejamkor sugʻorish texnologiyalarini oʻrnatishni ahd qilgan.

Shuhrat SUYAROV,

Quyi Sirdaryo ITHB matbuot kotibi