Paxta terimi qanday ketmoqda?

    Maʼlumki, sentyabr oyining boshlaridan butun mamlakat boʻylab bosqichma-bosqich paxta terimi kirishildi. Bu yilgi mavsumga tayyorgarlik, terimchilarga yaratilgan shart-sharoitlar xususida Qishloq xoʻjaligi vazirligi saytida maqola chop etildi.

    Unda keltirilishicha, joriy mavsum uchun viloyatlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha 21 379 ta terim otryadi shakllantirilib, ularga 1 959 702 nafar terimchi biriktirilgan. Bu 1 ta otryadda oʻrtacha 90-100 nafar terimchi toʻgʻri kelganini anglatadi.

    Otryadlardagi terimchilarning 605 136 nafari paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari ishchilari boʻlsa, 1 269 676 nafari mahalliy aholi va mavsumiy ishchilar, 64 972 nafari esa boshqa hududlardan jalb qilingan terimchilar hisoblanadi.

    Bundan tashqari terim otryadlariga 11,4 ming dona terimchilarni tashish vositalari (avtoulovlar), 17,7 ming dona transport traktorlari, 30,7 ming dona tirkamalar biriktirildi hamda talab etiladigan inventarlar zahirasi toʻliq yaratildi.

    Terimchilar qanday shakllantiriladi?

    Avvalo, terim otryadi tushunchasiga aniqlik kiritadigan boʻlsak, u paxta hosilini yigʻib-terib olish maqsadida koʻngilli terimchilar tomonidan tashkil etilgan birlashgan jamoa hisoblanadi.

    Terimchilar esa paxta hosilini qoʻl terimi asosida yigʻib-terishda bevosita ixtiyoriy asosda qatnashuvchi shaxslar, xususan:

    – fermer xoʻjaliklari, paxta-toʻqimachilik klasterlari, yaʼni paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklarning xodimlari;

    – koʻngilli, 18 yoshdan katta, muayyan mehnat bilan band boʻlmagan ishga layoqatli vaqtincha ishsiz, ayrim hollarda mehnat resurslari yetmagan hududga boshqa hududlardan kelib haq evaziga terimda ishtirok etish istagini bildirgan jismoniy shaxslardir.

    Paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklarda terimchilarga ehtiyoj boʻlsa, paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlariga yoki xususiy bandlik agentliklariga elektron va yozma tarzda ariza taqdim etadi.

    Soʻng paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklar, mehnat organlari va xususiy bandlik agentliklari tomonidan eʼlon qilingan ommaviy oferta asosida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari mehnat organlari bilan birgalikda paxta terimi markazlarida terimchilar roʻyxatini shakllantiradi.

    Shuningdek, paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklar ish beruvchilari ixtiyoriy ravishda paxta terimi markazlarida roʻyxati shakllantirilgan, xususiy bandlik agentliklari tomonidan aniqlangan yoki ularning roʻyxatida mavjud boʻlmagan boshqa fuqarolar bilan mustaqil ravishda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat shartnomasi yoki fuqaroviy-huquqiy shartnoma tuziladi.

    Oʻz navbatida, terimchilarning mehnat sharoitlari, ularga mehnat haqini oʻz vaqtida va toʻliq toʻlanishi, mehnat huquqi va muhofazasining taʼminlanishi ustidan davlat nazorati mehnat organlari, kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshiriladi, shuningdek, jamoatchilik nazorati ham nazarda tutilgan.

    Terimchilar tomonidan kunlik terilgan paxta xomashyosining hajmi boʻyicha hisob-kitob yuritish paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklar tomonidan amalga oshiriladi.

    Qanday sharoitlar yaratiladi?

    Bir nafar terimchiga mavsumda oʻrtacha 1,5 tonna paxta terish hisob-kitob qilinib, paxta yigʻim-terimiga jalb etiladi. Terim otryadlari rahbarlariga esa paxta yigʻim-terimi yakuniga qadar oylik maosh sifatida mehnat haqi berib boriladi. Paxta yigʻim-terimida ishtirok etadigan terimchilarning tergan paxtasi uchun terim pullari har besh kunda (dam olish kunlariga toʻgʻri kelishidan qatʼiy nazar), zarurat boʻlganda toʻlab beriladi.

    Paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan yigʻim-terimiga jalb etilgan fuqarolarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash va koʻchma savdo, madaniyat va maishiy xizmatlar hamda koʻchma tibbiy koʻriklar tashkil etiladi.

    Bundan tashqari, terimchilar uchun turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladi.