Prezidentimiz Oliy Majlis senatidagi murojaatnomasida “Qishloq xo'jaligidagi islohotlar, yer maydonlari to'liq xususiy klaster va kooperatsiyalarga berilgani paxtachilikda hosildorlikni bir yilda o'rtacha 10 foizga oshirish imkonini yaratdi”, deya bejizga qayd etmadi. Aslida ham yurtimizda agrar tarmoqqa klasterlarni keng tatbiq etish o'z samarasini bermoqda.
Bu borada qonuniy asoslarning yaratilayotgani esa tahsinga loyiq. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 yanvar va 28 fevraldagi tegishli qarorlari bu borada dasturilamal bo'lmoqda. Andijon viloyatining Qo'rg'ontepa tumanidagi “Khantex Group” MCHJ paxtachilik-to'qimachilik klasteri ana shunday tuzilmalardan biri.
– 2018 yilda tashkil etilgan klaster 858 gektar paxta maydoniga ega, – deydi Andijon viloyati fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bosh mutaxassisi Odil Rahmonov. – Uning 81,0 gektariga zamonaviy tomchilatib sug'orish texnologiyasi joriy qilingan. Korxonada erga ishlov berishda yangicha yondashuvni tatbiq qilish maqsadida xorijdan qariyb 400 dona yuqori unumli texnika sotib olindi. Ular g'o'za qator orasiga ishlov berish, kul`tivatsiya kilish, kasallik va zararkunundalarga karshi kurashish kabi agrotexnik tadbirlar tez va sifatli bajarishda qo'l kelmoqda. Ya'ni agrotexnik tadbirlar to'liq mexanizatsiyalashtirildi.
Misol uchun, chigitni yuqori aniqlikda ekishga erishilib, odatdagi 70-80 kilogramm o'rniga 35-40 kilogramm urug'lik chigit sarflanmoqda. Ana shu jarayonning o'zida har gektardan 550-650 ming so'm tejalmoqda. Yoki har gektarga avvallari 700-800 kilogrammdan mineral o'g'it sarflangan bo'lsa, endilikda jahon tajribasi asosida 250 – 300 kilogramm sarflanmoqda. Ushbu o'g'itlash usuli paxta hosildorligini gektariga 40 tsentnergacha hosil olib, sarflanadigan mablag'lar 30 foizga qisqarmoqda.
Ana shunday zamonaviy usullarning tatbiq etilishi hisobiga hosildorlik oshmoqda. Misol uchun, o'tgan yili har gektardan o'rtacha 61.2 tsentnerdan hosil olindi.
Klaster negizida “Lummus” kompaniyasining eng zamonaviy dastgohlar bilan jihozlangan “Khantex Cotton” paxta tozalash korxonasi ham faoliyat yuritmoqda. Tejamkor, yuqori ishlab chiqarish quvvatlariga ega dastgohlar ko'magida paxta tolasi qayta ishlanmoqda. Mazkur xom ashyoni qayta ishlash uchun tekstil kompleksi ham qurib bitkazildi. Unda o'rnatilgan tejamkor, ekologik dastgohlar ko'magida korxonada yiliga 10,4 ming tonna paxta tolasini qayta ishlab, 9,4 ming tonna ip-kalava, 2,1 ming tonna trikotaj mato va 10 million dona tayyor trikotaj mahsulotlar ishlab chiqarilyapti. Ayni vaqtda yillik eksport 40 million dollardan oshgan.
Klaster nafaqat paxtachilik, balki g'allachilik yo'nalishida ham faoliyat boshladi va bunda ham ijobiy yutuqlarga erishilmoqda. 2020 yilda klasterga tegishli maydonlarning har gektaridan o'rtacha 70 tsentnerdan hosil olindi.
Bunday hosildorlikka erishishda esa urug'lik donni tayyorlash tizimi yo'lga qo'yilgani muhim omil bo'lmoqda. O'tgan yili Rossiyadan qariyb 3 ming tonna yuqori avlodli urug'lik don olib kelindi. Shuni hisobidan 2021 yil hosili uchun viloyatdagi barcha fermerlarga unumdor, oliy navli urug'lik yetkazib berildi. Bu kabi innovatsion g'oyalarni tatbiq qilishda klaster korxonasi qoshida ilmiy markaz tashkil etilgan. U yerda paxtachilik, g'allachilik, moyli va dukkakli ekinlarni yetishtirishda ilg'or texnologiyalarni qo'llash maqsadida keng qamrovli izlanishlar olib borilmoqda.