Kecha poytaxtimizdagi “Bahor” restoranida boʻlib oʻtgan tadbirda “Paxtakor” jamoasi aʼzolari, murabbiylar shtabi va klub rahbariyatiga oltin medallar tantanali ravishda topshirildi.

Marosimda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, Milliy olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi Avaz Maksumov, Professional futbol ligasi bosh direktori Diyor Imomxoʻjayevlar ishtirok etib, medallarni taqdim etishdi.

Mavsum davomida katta hajmdagi ishni amalga oshirgan klub vakillari va jamoa aʼzolari medallar bilan taqdirlandi. Klub bosh direktori Dmitriy Adisman Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasidan klub nomiga tashakkurnomani ham qabul qilib oldi.

Oʻzbek futboli afsonalari Birodar Abduraimov va Toʻlagan Isoqov jamoa aʼzolarini navbatdagi muvaffaqiyatli mavsum bilan tabriklab, ularga kelgusi mavsumda yana-da yaxshiroq natijalar qayd etishlarini tilashdi. Shuningdek, tadbir davomida “Paxtakor” futbol klubi oʻz homiylari va hamkorlariga minnatdorligini izhor qildi.