Bugun ushbu zahmatkash xalqning orzulari roʻyobga chiqmoqda. Fuqarolar tomonidan ichki xoʻjalik yoʻllarida qurilish-taʼmirlash ishlarini olib borish boʻyicha murojaatlari oʻz yechimini topmoqda. Nuroniy otaxonlar duosi bilan boshlangan xayrli ishlar koʻlami kengayib, ovul obod goʻshaga aylantirilmoqda.
Xususan, “Paxtaobod” ovul fuqarolar yigʻini hududidagi jami uzunligi 3,5 kilometr ichki xoʻjalik yoʻllarida qurilish-taʼmirlash ishlari boshlab yuborildi. Bu fuqarolarga qulaylik yaratmoqda.
— Men bu yerga kelin boʻlib tushganimdan buyon ichki koʻchalar tuproq yoʻllardan iborat edi, — deydi paxtaobodlik Mehri Sapayeva. — Bu yoʻllar kuz, qish, bahor fasllarida loy, yozda esa chang, tuproq boʻlib bogʻcha va maktabga boradigan bolajonlarimiz uchun qiyinchilik tugʻdirar edi. Bugun ovulimizda yoʻl qurish ishlari boshlanganidan barcha hamqishloqlarimiz hursand.
Bugun ovulda binolarning fasad qismi taʼmirlanib, elektr uzatish simlari yangisiga almashtirildi. Shuningdek, transformatorlar, piyodalar uchun yoʻlakchalar hamda ovul fuqarolar yigʻini binosi taʼmirlandi. Qisqa muddat ichida ushbu hudud soʻlim goʻshaga aylantirilmoqda.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri