Aslida ushbu noyob ashyo bundan 29 yil oldin topilgan. Faqat uni topib olganlar uning noyobligini bilishmagan va uy –roʻzgʻor ishlarida foydalanib kelishgan.
Yaqinda Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi ilmiy xodimlari muzey toʻplamlarini boyitish maqsadida viloyat boʻylab ekspeditsiyaga chiqdi. Ekspeditsiya davomida aniqlangan bir qator ashyolar ichida saklarning bronza qozoni ayniqsa diqqatga sazovordir.
Qozonning balandligi 37 sm, ogʻiz qismining diametri 52 sm.ni tashkil etadi. Qozon Yettisuv vohasi sak qabilalariga oid boʻlib, miloddan avvalgi II-I asrlarga oiddir. Bu haqida Madaniy meros agentligi xabar bermoqda.