Senatning oʻttiz yettinchi yalpi majlisida “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonun qizgʻin muhokama qilindi.

Muhokama qilinayotgan Qonun bilan yuqorida qayd etilgan muammolarga yechim topish maqsad qilingan.

Mazkur Qonunga muvofiq Jinoyat kodeksiga pedagog xodimlarni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlaganlik uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin huddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma kiritilmoqda.

Unga koʻra taʼlim tashkilotining pedagog xodimini mehnatga maʼmuriy tarzda qayta majburlaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yohud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda pedagog xodimlarni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlaganlik, shuningdek, ularning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga taʼlim oluvchilarning bilimini toʻgʻri va xolis baholashiga taʼsir koʻrsatish yoki qonunga xilof ravishda aralashish, taʼlim tashkiloti pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Bunda Kodeksdagi sanksiyalar fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻlishi belgilanmoqda.

Senatorlarning taʼkidlashicha, ushbu Qonun taʼlim tashkilotining pedagog xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar hamda pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.