Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5847-son hamda 2022-yil 11-maydagi “2022 — 2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 134-sonli Farmonlari taʼlim sohasidagi islohotlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Xususan, mazkur meʼyoriy hujjatda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti pedagogika yoʻnalishi boʻyicha oʻquv dasturlarini ishlab chiqishda yetakchi oliy taʼlim muassasasi etib belgilangan edi.

2022-yil 28-oktyabr kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari va ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ilmiy-amaliy seminar yuqorida nomlari keltirilgan huquqiy-meʼyoriy hujjatlarda belgilangan vazifalarning amaliy ijrosiga bagʻishlangan deyish mumkin.

Xususan, tadbirda respublikamizdagi pedagogik kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari oʻquv ishlari boʻyicha prorektorlari, oʻquv uslubiy boʻlim boshliqlari va sohaning 50dan ortiq yetakchi mutaxassislari ishtirok etdilar.

Seminar ishida Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Abdugʻaffor Qirgʻizboyev  xalq taʼlimi sohasidagi pedagog kadrlar tayyorlashdagi qilinayotgan islohotlar, oʻqitish sifati va mazmunini xalqaro talablar asosida takomillashtirish, yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlash borasidagi amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar haqida fikr yuritdi.

Seminar tashkilotchilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-289-sonli Qarorida belgilangan vazifalarning ijrosi, pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan 2-4 bosqich talabalari uchun pedagogik amaliyotlarini “4+2” tartibda tashkil etilishi, talabalar oʻqishini koʻchirish va talaba almashinuvi borasida mavjud tajribalar hamda hamkorlikda bajarilishi lozim boʻlgan strategik masalalar boʻyicha maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

Seminar yakunida yangi tashkil etilgan pedagogika oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayonini kredit-modul tizimi asosida tashkil etish borasida koʻplab uchrayotgan muammolar yechimlari boʻyicha tavsiyalar va takliflar ishlab chiqildi.

Seminar davomida pedagogika sohasida yaratilgan yangi avlod adabiyotlari va elektron taʼlim zaxiralari koʻrgazmasi tashkil etildi.

Binobarin, bu tadbir zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oliy taʼlimni modernizatsiya qilish, ilgʻor taʼlim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish jarayoni yangi sifat bosqichiga koʻtarishga xizmat qilishi shubhasizdir.