Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “Zamonaviy uzluksiz taʼlim sifatini oshirish: innovatsiya va istiqbollar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Unga tayyorgarlik koʻrish jarayonida respublikamizda ilm-fan va ishlab chiqarish uygʻunligini barqaror taʼminlash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish nazarda tutilgan edi.
Tadbirda universitet rektori Abdugʻaffor Qirgʻizboyev ishtirok etib, respublikamizda pedagoglar taʼlimini rivojlantirishning ustuvor vazifalari, soʻnggi ikki yilda pedagogik taʼlimni modernizatsiyalash borasida amalga oshirilgan ishlar xususida axborot berdi. Qilingan ishlar natijasi oʻlaroq, Toshkent davlat pedagogika universiteti respublikamizda pedagogika sohasida kadrlar tayyorlash va uning oʻquv-metodik bazasini mustahkamlash borasida yetakchi oliy taʼlim muassasasi sifatida eʼtirof etildi. Ilmiy-innovatsion faoliyatni strategik rivojlantirish dasturini joriy etish natijasida universitet professor-oʻqituvchilarining ilmiy salohiyati 39 foizdan 50 foizga oshirildi.
Taʼlim va tadqiqot jarayoniga moddiy hamda intellektual investitsiyalarni jalb etish, universitetni xalqaro reytinglarga kiritish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Natijada Toshkent davlat pedagogika universiteti respublikamizdagi 30 ta oliy taʼlim muassasasi qatorida barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda OTMlar taʼsirini baholovchi THE Impact Rankings xalqaro reytingidan joy oldi. Eng muhimi, 2023-yil uchun QS Osiyo universitetlar reytingida Toshkent davlat pedagogika universiteti TOP 1000 talikdagi kuchli universitetlar qatoridan munosib oʻrin egalladi.
Konferensiyada uzluksiz taʼlim tizimi uchun yuqori malakali pedagog kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlash, tegishli pedagogik yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha davlat taʼlim standartlarini, oʻquv rejalari va dasturlarni, ilmiy-metodik adabiyotlarni ishlab chiqish, xorijiy taʼlim muassasalarining tajribasini va mamlakat taʼlim muassasalarining ehtiyojini hisobga olgan holda ilgʻor pedagogika texnologiyalarini sinovdan oʻtkazish va joriy etish kabi masalalar muhokama etildi.
Ayniqsa, anjumanda Belarus, Rossiya, Turkiya, Qozogʻistondagi universitetlarning professor-oʻqituvchilari taqdim etgan maʼruzalar qizgʻin bahslarga sabab boʻldi. Munozara va tahlillar davomida jahonda pedagogika fanini rivojlantirishda ham qator ilmiy yechimini kutayotgan ayrim muammolar mavjudligi qayd etildi. Taʼlimni raqamlashtirish, inklyuziv taʼlim, taʼlimda variativ integratsiya, oliy pedagogik taʼlimning investitsion jozibadorligini oshirish, xorijiy taʼlim va ilm-fan texnologiyalarining respublikamizdagi ilmiy-tadqiqotlar bilan uygʻunlashtirish va jahon hamjamiyatiga integratsiyalashining natijador mexanizmlarini takomillshashtirish kabi muammolarni tadqiq qilishda oʻzaro hamkorlik va tajriba almashish zarurligi eʼtirof etildi.
Konferensiya doirasida professor-oʻqituvchilarning oʻquv-metodik va ilmiy-innovatsion faoliyat doirasida olingan salmoqli natijalari, intellekutal mulk namunalari, iqtidorli talabalarning ijodiy ishlari koʻrgazmasi tashkil etildi. Konferensiya materiallar asosida ilmiy toʻplam tayyorlangan.









