Mamlakatimizda keyingi yillarda kuchli ijtimoiy siyosat yuritilmoqda, aholining ehtiyojmand qatlami huquq va manfaatlari samarali himoya qilinmoqda. Xususan, ijtimoiy nafaqa oluvchilar va pensionerlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, qator yangiliklar joriy etilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga asosan kelasi yil 1-yanvardan fuqarolarga pensiya tayinlash uchun qoʻshimcha ravishda Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. 2025-yil 1-martdan boshlab 60 yoshga yetgan erkaklarga va 55 yoshga yetgan ayollarga pensiyalar “avtomatik” tarzda, yaʼni biror-bir turdagi hujjat talab etmagan holda tayinlanadi. Natijada fuqarolar pensiya tayinlash uchun qoʻshimcha hujjatlar yigʻish, Pensiya jamgʻarmasining hududiy boʻlinmasiga murojaat qilishiga hojat qolmaydi.

Ammo tizimda yechimini kutayotgan masalalar yoʻq emas. Xalq demokratik partiyasining markaziy va hududiy tashkilotlari, tuman, shahar kengashlaridagi partiya guruhlari, parlamentdagi fraksiyasi aʼzolari doimiy oʻz elektorati, jamoatchilik vakillarining murojaatlarini hal etishga intiladi, shu bilan birga, fuqarolar berayotgan takliflarni oʻrganib, amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratadi. Partiya elektorati, jamoatchilik vakillaridan pensiya tayinlash, nogironligi boʻlgan shaxslar va ularning yaqinlari duch kelayotgan ijtimoiy masasalarni hal qilish boʻyicha aniq takliflar kelib tushdi. Shu asosda Xalq demokratik partiyasining parlamentdagi fraksiyasi yangi qonunchilik tashabbusini ilgari surishga tayyorlanmoqda.  Qonunchilik palatasida OʻzXDP fraksiyasi va Markaziy kengashi aʼzolaridan iborat ishchi guruhning yigʻilishi tashkil etildi. Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi sohasida (jamoa xoʻjaligi, davlat xoʻjaligi) ishlab pensiyaga chiqqan shaxslar, oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan shaxslar va ularning oila aʼzolari manfaatlarini himoya qilish boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish toʻgʻrisidagi masala muhokama etildi.

Ishchi guruh aʼzolari fraksiya tomonidan ishlab chiqilayotgan qonun loyihasida uchta yoʻnalishdagi takliflar aks etayotganini bildirishdi. Birinchisi yoʻnalish pensiyani tayinlash masalasi bilan bogʻliq. Gap shundaki, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunning 37-moddasida“1965-yildan keyingi davr uchun jamoa xoʻjaligidagi ish stajini hisoblab chiqarishda, agar jamoa xoʻjaligi aʼzosi uzrsiz sabablarga koʻra jamoa xoʻjaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan boʻlsa, ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri hisobga olinadi”, deb belgilangan.Ammo amalda qishloq xoʻjaligi sohasida (jamoa xoʻjaligi, davlat xoʻjaligi va shirkat xoʻjaligida) mehnat faoliyatini 2005-yilga qadar yuritgan fuqarolarning faoliyati toʻgʻrisidagi (har yilgi mehnat minimum qarorlari) maʼlumotlari arxiv saqloviga topshirilmagan yoki umuman belgilanmagan. Oqibatda 2005-yilga qadar qishloq xoʻjaligi sohasida (jamoa xoʻjaligi, davlat xoʻjaligi va shirkat xoʻjaligida) mehnat qilgan aksariyat shaxslarga boshqalarga nisbatan kam miqdorda pensiya tayinlangan. Bu jarayon hozirga qadar ham davom etib kelmoqda.

Misol uchun, jamoa xoʻjaligida 1980-yilda erkaklar uchun 220 kun, ayollar uchun 160 kun mehnat minimumi oʻrnatilgan. Lekin ular pensiyaga chiqishda oʻzlariga bogʻliq boʻlmagan sabablar bilan (yoʻqolgani yoki arxivda mavjud emasligi sababli) faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotni taqdim qila olmagan. Bunday hollarda, amaldagi qonunchilikka asosan, erkak uchun 220 kun bir yil mehnat staji sifatida emas, balki 7 oy 10 kun sifatida hisobga olingan. Ayollarga esa 160 kun 5 oy 10 kun sifatida hisoblangan. Vaholanki, qonunchilikka koʻra, qishloq xoʻjaligida ishlagan erkaklar uchun 220 kun, ayollar uchun esa 160 kun bir yillik staj sifatida hisoblanishi shart. Ishlangani haqida maʼlumot saqlanmagani yoki umuman yoʻqligi uchun fuqaro javobgar boʻlishi toʻgʻri emas. Bu bir vaqtlar jamoa xoʻjaligida mehnat qilgan fuqarolarning manfaatlari cheklanishiga, boshqa sohalarda faoliyat olib borganlarga nisbatan 2-3 barobar kam pensiya hisoblanishiga olib kelmoqda. Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi ilgari surishga tayyorgarlik koʻrayotgan qonun loyihasi bilan ana shu kamchilikni tuzatish, qishloq xoʻjaligida ishlagan yurtdoshlarimizning huquqini himoya qilish, mehnatini munosib baholash maqsad qilinmoqda.

Keyingi masala. Qonunchiligimizda farzandlarini parvarishlayotgan ayollarga pensiya belgilanishida ayrim muammolar mavjud. Fraksiya aʼzolarining saylovchilar bilan uchrashuvlarida ayollarning farzandlarini parvarishlash taʼtillarida boʻlgan vaqtlari pensiya tayinlashda toʻliq inobatga olinmasligi boʻyicha eʼtirozlar bildirilmoqda. Yana bir masala. Pensiya tayinlashda ish staji hisoblanishi bilan bogʻliq muammolardan yana biri patronaj xizmatiga muhtoj nogironlarning ushbu xizmatdan foydalanish huquqini amalga oshirish bilan bogʻliqdir. Ushbu masala nogironlar jamiyatlari bilan birgalikda oʻrganilganda, patronaj xizmatiga muhtoj nogironlarni parvarishlash ishlari asosan ularning oila aʼzolari, xususan, onalari tomonidan amalga oshiriladi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda 84,7 ming nafar 16 yoshgacha boʻlgan nogironligi bor shaxslar boʻlib, ularning yarmidan koʻprogʻi qishloq joylarda istiqomat qiladi. 42,6 ming nafari esa tugʻma nogironlar sanaladi. Ularning koʻpchiligi tayanch-harakat tizimi, asab va ruhiy kasalliklarga chalingan boʻlib, doimiy oʻzgalar parvarishiga muhtojdir.

Oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan nogironlar va ularning oila aʼzolarining ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida I guruh nogironiga yoki 16 yoshgacha boʻlgan nogiron bolaga, shuningdek, oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan (davolash muassasasining xulosasiga koʻra) 80 yoshga toʻlgan qariyalarga qarab turilgan vaqt yoshga doir pensiya tayinlanayotganida ish stajiga qoʻshib hisoblanishi nazarda tutilgan. Biroq ushbu qonunning 37-moddasi 2-qismida cheklovlar oʻrnatilgan boʻlib, mazkur moddaning “d” va boshqa bandlarida nazarda tutilgan davrlar umumiy ish staji kamida 7 yil boʻlgan taqdirda ish stajiga qoʻshib hisoblanishi belgilangan. Bu bilan oʻzgalar parvarishiga muhtoj tugʻma nogiron bolalarni tarbiyalayotgan ayollarga yoshga doir pensiya tayinlanayotganda sogʻlom bola tarbiyalayotgan ayollarga nisbatan teng boʻlmagan sharoitda hisoblanmoqda. Bu oʻrinda asosiy masalalardan biri shundaki, farzandi tugʻilganidan nogiron boʻlgan ayol, ona bolasini qarovsiz qoldirib, 7 yillik ish stajiga ega boʻlishi amalda imkonsizdir. Shuni hisobga olib, Xalq demokratik partiyasi muammolarga qonuniy yechim topish maqsadida “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunning 37-moddasiga tegishli oʻzgartirish kiritishni taklif qilmoqda. Ishchi guruh yigʻilishida mazkur masalalar respublika pensiya jamgʻarmasi mutasaddilari, soha mutaxassislari, partiya faollari ishtirokida atroflicha muhokama etildi.

Ishlab chiqilayotgan qonun loyihasini har tomonlama tahlillar asosida tayyorlash, xalqaro va xorijiy tajribani toʻliq hisobga olish, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikni kuchaytirish, qisqa muddat ichida fuqarolar manfaatlari himoyasiga xizmat qiladigan qonun loyihasini tayyorlash va muhokamaga qoʻyish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.