Sir emas, uzoq yillardan buyon yurtdoshlarimiz pensiyaga chiqishda ko'p sarsongarchiliklarga uchrab keladi. Buning mashaqqatini keksa avlod vakillari yaxshi biladi. Ulardan pensiyaga qanday chiqqanini so'rasangiz, shunday javob berishi tayin: azob bo'lgan!
O'zimiz ham yaxshi bilamiz, pensiyaga chiqish uchun fuqaro mehnat faoliyati davomida nechta tashkilotda ishlagan bo'lsa, hammasidan qancha muddat ishlagani, qancha maosh olgani to'g'risida ma'lumotnoma yig'ishi kerak bo'lardi. Tasavvur qiling, siz, masalan, 30 yilda 10 dan ziyod tashkilotda ishladingiz. endi pensiyaga chiqishingiz kerak. Demak, yugur-yugur vaqti keldi. Bu paytda ayrim tashkilotlar “yopilib” ketgan bo'lishi ham mumkin. Bu yog'i endi sud orqali hal bo'ladi.
Umuman, bugungi kungacha pensiya yoshiga etgan fuqarolarimiz 14 ta tashkilotdan 30 turdagi hujjat yig'ib kelishi talab etilardi. Ushbu hujjatlarni yig'ish uchun kamida ikki oy vaqt ketgan. Qancha vaqt, qancha sarsongarchilik, asabbuzarlik...
Tarixiy yangilanish – yangi tizim
Davlatimiz rahbari mudom fuqarolarga qulaylik yaratish haqida qayg'urib keladi. Bu kabi e'tibor, ayniqsa, inson yoshi ulg'ayib borgani sayin juda qadrli. Negaki, kishi keksayganida, mehnat layoqatini yo'qotgan yoki boquvchisidan mahrum bo'lganida o'zgalar mehri, ko'magi va e'tiboriga ehtiyoj sezadi.
Prezidentimizning joriy yil 4 maydagi “Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni etkazib berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ana shu insonparvarlik g'oyasi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Qaror bilan, nihoyat xalqimiz uzoq kutgan yana bir tarixiy yangilanish – yangi tizim joriy etilmoqda.
Aslida, pensiya tizimidagi islohotlar Prezidentimiz tashabbusi bilan bundan uch-to'rt yil oldin boshlangan edi. Avvallari yoshi ulug' kishilarni pochta shoxobchalari oldida, tik oyoqda, uzoq navbat kutib turganini ko'rardik. “Qachon pensiya kelar ekan”, deb sarson kutardi. Pensiya kelgan kuni pul hammaga etmay qolgan holatlar ham ko'p bo'lgan. Uch-to'rt yil bo'ldi, bu manzaraga barham berildi. Hozir bank xodimlari pensiyani o'z vaqtida mahalla idorasiga, hatto yoshi ulug' insonlarning uyiga olib borib beradi.
e'tibor bergan bo'lsangiz, har bitta tizim zamon talablari asosida, eng muhimi, xalqimiz manfaatlari ko'zlangan holda takomillashtirib borilmoqda. YAngi innovatsion g'oyalar tatbiq etilyapti. Pensiya tizimida ham shunday bo'ldi.
Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida fuqarolarimiz faqat pasport bilan pensiyani rasmiylashtirishi mumkin bo'lgan zamonaviy tizim yaratish g'oyasini ilgari surgan edi.
Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi
endilikda, 2022 yildan faqat pasport yoki identifikatsiya kartasi asosida pensiya va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash tizimi joriy etilyapti. Bunga erishish uchun vazirlik va idoralarning axborot tizimlari o'zaro integratsiya qilinadi, elektron axborot almashinuv tizimi joriy etiladi.
YAngi tartibga ko'ra, 2022 yil 1 iyuldan boshlab mehnat staji, ish haqi, oliygohda o'qigani va harbiy xizmat davri ma'lumotlari Pensiya jamg'armasining dasturiy ta'minoti bilan bog'langan holda “YAgona mehnat milliy tizimi” orqali elektron tarzda olinadi. Hozirda ushbu tizimda turli vazirlik, idora va tashkilotlarning 4,8 million ishchisi ish haqi va ish stajiga oid ma'lumotlar shakllantirilgan.
Davlat pensiyalarini tayinlash uchun fuqarolardan faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi talab etiladi. Kelgusida fuqarolarga pensiya bo'limlariga kelmasdan, ularning elektron murojaatlari asosida pensiya tayinlash imkoniyati yaratiladi.
Aytish kerakki, hozirgi kunda aholiga pensiya va nafaqalar Xalq banki filiallari tomonidan etkazib berilmoqda va buning uchun 0,9 foiz xizmat haqi olinmoqda. 2020 yilda jami 35,4 trillion so'mlik pensiya va nafaqa to'lovlarining 28,1 trillion so'mi yoki 79 foizi naqd pul ko'rinishida ajratilgan. Xalq bankiga mazkur to'lovlarni naqd pulda tarqatish xizmatlari uchun 2020 yilda 223,6 milliard so'mlik xizmat haqi to'langan.
2022 yil 1 yanvardan boshlab bu jarayonni yanada takomillashtirish maqsadida pensiya, nafaqa va boshqa to'lovlarni aholiga etkazib berish har 3 yilda bir marta hududlarda alohida tender asosida tanlangan tijorat banki yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi. Bunda banklar va ixtisoslashgan tashkilotlarning ma'lumotlar bazasi Pensiya jamg'armasining dasturiy ta'minoti bilan bog'lanadi. Tender natijalariga ko'ra tanlab olingan tijorat banki yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilot tomonidan fuqarolarga pensiya va nafaqalarni etkazishda kechikish yoki tartib buzilish holatlariga yo'l qo'yilganda jarima to'lash tartibi joriy etiladi. SHuningdek, fuqarolar tomonidan to'lov operatorlarining faoliyatini baholab borish imkoniyati yaratilmoqda. Fuqarolarimiz bergan baho keyingi tender o'tkazishda inobatga olinadi.
Qaror asosida fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash va to'lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo'yicha 31 banddan iborat “Yo'l xaritasi” tasdiqlanadi. Unga ko'ra, vazirlik, idora va korxonalarda ishlagan sobiq ishchilarning ish haqi va harbiy xizmat davri to'g'risidagi ma'lumotlari “YAgona mehnat milliy tizimi”da to'liq shakllantiriladi. Oila tarkibi, jumladan, qarindoshlik darajasi bo'yicha elektron ma'lumotlar bazasi shakllantiriladi. 18 yoshgacha nogironligi bo'lgan bolalar to'g'risida tibbiy xulosalar elektron bazasi yaratiladi. CHet elga doimiy yashash uchun ko'chib ketayotgan fuqarolarning elektron ma'lumotlarini “Pensiya” axborot tizimiga avtomatik yuborish mexanizmi joriy etiladi.
Pensiya jamg'armasi faoliyati ham takomillashtiriladi
YAngi tizim, albatta, yangicha shaklda ishlashni talab qiladi. SHu ma'noda, mazkur qaror bilan Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasi faoliyatini takomillashtirish ham ko'zda tutilgan.
Pensiya jamg'armasining ijro etuvchi apparati, hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo'limlari tashkiliy tuzilmasi qayta tasdiqlandi. Markazlashtirilgan buxgalteriya tizimi joriy etiladi va jamg'armaning tuman (shahar) bo'limlaridagi mablag'larga ehtiyojni aniqlash, buxgalteriya hisobi va hisoboti sho''balari faoliyati tugatiladi.
Jamg'arma tarkibida pensiya, nafaqa va boshqa to'lovlarni moliyalashtirish bo'limlari tashkil etiladi. Ichki audit xizmatlari va yuridik byuro faoliyati yo'lga qo'yiladi.
Qarorda Pensiya jamg'armasining mavjud binolari negizida keksa yoshdagilar, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo'lgan shaxslarga xizmat ko'rsatishga moslashtirilgan “Namunali Pensiya jamg'armasi bo'limi”ni tashkil etish belgilangan. Bundan tashqari, 2024 yilga qadar barcha hududlarda Pensiya jamg'armasi bo'limlari binolari bosqichma-bosqich minimal talablarga moslashtiriladi.
Ma'lumotlarga ko'ra, yurtimizda har yili o'rtacha 290 ming fuqaroga pensiya tayinlanadi. Demak, joriy etilayotgan yangi tizim har yili minglab yurtdoshlarimizning og'irini engil qiladi, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinadi.
Abdulaziz HAYDAROV,
Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari
Pensiya jamg'armasi ijrochi direktori