Senatorlar, qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, mahalliy Kengash deputatlari, doimiy komissiya aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar hamda OAV vakillari ishtirok etgan majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibi doirasida muhokama qilinadigan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.
Xususan, Qoʻmita majlisida “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida»gi Qonun hamda yangi tahrirdagi “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi Qonun muhokamalar markazida boʻldi.
Taʼkidlanganidek, 2015-yilda qabul qilingan amaldagi “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi Qonun bugungi kunda elektron tijorat sohasi rivojlanishining tez oʻzgaruvchan tendensiyalariga mos kelmaydi.
Xususan, amaldagi Qonun barcha elektron tijorat subyektlarini va ular oʻrtasidagi zamonaviy munosabatlarni qamrab olmagan, elektron tijoratga oid hujjatlarni almashish, toʻlov mexanizmlari va tovarlarni qaytarish masalalarini amaliyotda qoʻllashda tushunmovchiliklarni keltirib chiqaryapti. Shundan kelib chiqib, yangi tahrirdagi “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi Qonunda elektron shartnomalarni tuzishning aniq tartibi, yaʼni elektron hujjatlarning yuridik kuchi, ofertaga qoʻyiladigan talablar, elektron hujjatlarni saqlash xususiyatlari, elektron bitimni amalga oshirish tartibi, elektron shartnomalarni tuzish shartlari belgilanyapti.
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida»gi Qonun borasida soʻz borganda mazkur Qonun ham mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlashga yoʻnaltirilgan ijtimoiy himoya siyosati doirasida ishlab chiqilgan boʻlib, unda pensiya tizimini takomillashtirishga, pensiyalar miqdorini muntazam oshirib borishga alohida ahamiyat qaratilgani aytib oʻtildi.
Xususan, Qonunga koʻra, 2023-yil 1-yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun oʻrtacha oylik ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining oʻn barobaridan oʻn ikki barobariga oshirilishi qayd etildi.
Mazkur qonunlar yuzasidan senator, ekspert olimlar va mahalliy Kengash deputatlarining takliflari, fikr mulohazalari eshitildi.
Majlis soʻnggida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.