Barkamol avlod ta'lim-tarbiyasi borasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar samarasi o'laroq, bugun Peshko' tumanida ham talaygina ibratli sa'y-harakat amalga oshirildi. CHunonchi, bolajonlarning maktabgacha ta'limga qamrovi 2017 yili atigi 29,5 foizni tashkil etgan, bolalar bog'chasi soni esa bor-yo'g'i 28 tani tashkil etgan bo'lsa, bugunga kelib bu ko'rsatkich, ya'ni qamrovi 70 foizga etkazilgani yuoridagi fikrimiz dalolati.   

Hozirda tumanda jami 3-7 yoshli bolalar soni 10 ming 652 nafarni tashkil etayotgan bo'lsa, ular uchun 40 ta davlat, 3 ta davlat xususiy sherikligidagi nodavlat, 1 ta xususiy va 86 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti risoladagidek qurib bitkazilgan va talab darajasida faoliyat yuritmoqda. Umuman, bugunga kelib hududda jami 131 ta maktabgacha ta'lim tashkilotida 7 ming 309 nafar jajji bola qamrab olingani tarmoqda erishilayotgan salmoqli yutuqlardan, albatta.

Maktabgacha ta'limga bolalar qamrovini oshirish maqsadida joylarda olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari va targ'ibot ishlari natijasida Respublika Maktabgacha ta'lim vazirligi qo'llab-quvvatlashi tufayli shu yilning o'zida 14 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti foydalanishga topshirilmoqda. Bugun “CHibog'oni” MFY da 30-sonli maktabgacha ta'lim tashkiloti yangidan qurib, foydalanishga topshirilgani ham hudud aholisi va bundagi yuzdan oshiq oila uchun bayramga aylandi.

Zamonaviy bolalar bog'chasini foydalanishga topshirish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi mutasaddilar ishtirok etib, barcha yig'ilganlar, jamoatchilik vakillari va CHibog'oni aholisini bolajonlar kamoloti uchun xizmat qiladigan muhtasham maktabgacha ta'lim tashkiloti bilan samimiy muborakbod qildilar. Alvon lenta kesilgach, tadbirda yig'ilganlar muassasada yaratilgan qulaylik va shart-sharoit bilan yaqindan tanishdi, deb xabar beradi Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati.