Uchrashuv davomida har ikki tomon vakillari mamlakatlarimiz oʻrtasida fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik aloqalarining rivojlanishi Oʻzbekiston va Pokiston manfaatlariga birdek mos kelishini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Muzokaralar davomida xorijiy aviakompaniyalarni mamlakatimiz aviatsiya bozoriga jalb etish, ushbu bozorning barcha ishtirokchilari uchun qulay sharoitlarni yaratish boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, birgina joriy yilning oʻzida aeroport xizmatlari uchun yigʻimlar 42foizga qadar tushirilgan, ziyorat turizmi yoʻnalishida bajariladigan parvozlarga esa 50 foizga qadar chegirmalar berilgan.
“PIA” aviakompaniyasining Oʻzbekistondagi vakili Muhammad Vakkos Islomobod – Toshkent va Karachi – Toshkent yoʻnalishida muntazam aviaqatnovlarni 2022-yil yanvar oyidan yoʻlga qoʻyish niyatida ekanligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan yoʻnalishlarda muntazam parvozlarni yoʻlga qoʻyish yuzasidan hamkorlik ishlarini davom ettirishga kelishib oldi.