Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) hamda Action Group (Edu-Action) NNT o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi, deya xabar beradi agentlik axborot xizmati.

Hamkorlik doirasida ta'lim, axborot texnologiyalari, iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlashda tizimli ishlar hamda istiqbolli loyihalarni yo'lga qo'yish rejalashtirilgan. Jumladan, tomonlar o'qituvchilar malakasini oshirish, xalqaro imtihonlarni tashkil etish va o'tkazishda hamkorlik qiladi.

Memorandum doirasida ikki tashkilot agentlik qoshidagi maktablarda IELTS va CAMBRIDGE ENGLISH ASSESMENT xalqaro imtihonlarini tashkil qilish, yo'nalishlar bo'yicha malakali o'qituvchilar va mutaxassislarni tayyorlash uchun birga ish olib boradi.

Bundan tashqari, Edu-Action agentlik maktablarini Kembrij va Oksford universitetlarining nashrlari, MakMilan va Kolins tashkilotlarining o'quv materiallari bilan ta'minlashda ko'maklashadi.

Tomonlar xalqaro mutaxassislar va Edu-Action xodimlari ishtirokida agentlik qoshidagi maktablar o'qituvchi va o'quvchilari uchun turli ta'lim seminarlari, mahorat darslari, konferentsiyalar, davra suhbatlari o'tkazadi hamda boshqa loyihalarni amalga oshiradi.

Edu-Action tashkiloti PIIMA tizimiga kiruvchi maktab o'qituvchilari uchun Cambridge English Qualifications (CELTA, TKT va TKT CLIL) xalqaro sertifikatlariga ega bo'lishlari uchun o'quv kurslarini tashkil etishda ko'mak beradi.

Hamkorlik doirasida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi huzuridagi maktablar o'qituvchi hamda o'quvchilarining chet tillar bo'yicha bilim va malakalarini oshirish rejalashtirilgan.