O'zbekiston Pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasi faoliyatiga bag'ishlangan press-tur va matbuot anjumanida OAV vakillariga so'nggi 4 yil mobaynida pillachilikda olib borilayotgan islohotlar, shuningdek, qorako'lchilik tarmog'ini qayta tiklash va taraqqiy toptirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma'lumot berildi.
Ta'kidlanganidek, Prezidentimizning 2020 yilning 2 sentyabrdagi “O'zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako'lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni va “O'zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasi faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi qarori bilan Pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasining tashkil etilishi mamlakatimiz agrar sohasinining ikki muhim tarmog'i taraqqiyotining sifat jihatdan yangi bosqichini belgilab berdi. Pillachilik sohasida olib borilayotgan islohotlar jadallashdi. Shuningdek, yillar davomida e'tiborsiz qolgan qorako'lchilik sohasini to'liq qayta tiklab, qishloq xo'jaligidagi eng serdaromad sohaga aylantirish borasida yaxlit tizim yaratilmoqda.
Qayd etilganidek, 2020 yil yakunlari bo'yicha pillachilikda yilda 4 mavsumda 403,5 ming quti ipak qurti parvarishlanib, 21,4 ming tonna pilla xomashyosi etishtirildi. “O'zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar soni 91 taga etkazildi, shundan 11 tasi xorijiy investisiyalar ishtirokidagi qo'shma korxonalardir. Olib borilgan ishlar natijasida 2020 yilda 76,5 million dollarlik ipak mahsulotlari eksport qilindi.
2021 yilda esa pillachilikda eksport hajmi yil yakunida 86,7 million AQSH dollariga etishi kutilmoqda.
2021 yilda ipak qurti ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida 5 790 gektar tutzorlar barpo qilinadi hamda 40 million tup yakka qator tut ko'chatlari ekiladi. Tutzorlarni sug'orish ishlari samaradorligini ta'minlash maqsadida 140 ta artizian quduqlari qaziladi.
— 2021 yilda ozuqa bazasining yanada mustahkamlanishi hisobiga pillachilik klasterlari tomonidan 22 470 tonna tirik pilla xomashyosi etishtiriladi, — dedi Pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasi рaisi Bahrom Sharipov. — Shunisi e'tiborliki, bugungi kunda ipak qurti avvalgidek bir emas, balki to'rt mavsumda boqilmoqda. Ushbu marraga erishish uchun islohotlar 4 yil avval aynan pillachilik ozuqa bazasini mustahkamlashdan boshlangan edi. Ozuqa bazasi mustahkam bo'lsa pilla hosili ham ortadi. Qayta ishlash korxonalarini pilla xom ashyosi bilan mutanosib ravishda ta'minlash natijasida, ularning mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 2020 yilda 100 foizga chiqarildi. Hozirda pillani qayta ishlash zavodlariga bo'lgan ehtiyoj ortganini hisobga olgan holda, 2021 yilda qator yangi korxona ishga tushirilishi belgilangan va rejadagi ishlar izchil amaga oshirilmoqda.
Agar avvallari sohadagi qayta ishlash korxonalari yiliga 2-3 oy ishlagan bo'lsa, hozirda ular xom ashyo etarli bo'lgani bois yil bo'yi tinimsiz ishlaydi. Bu esa, minglab mavsumiy ish o'rinlari doimiy, oilalarga muntazam daromad keltiruvchi ish o'rinlariga aylandi, degan so'z.
Shu jihatdan 2021 yilda pillani qayta ishlash korxonalari tomonidan 1 500 tonna xom ipak, 1 000 tonna ipak momig'i, 3 477,5 ming pog.m ipak mato, 342 dona ipak gilam, 815,6 tonna kalavalangan ipak ip ishlab chiqariladi.
Davlat dasturi bo'yicha joriy yilda tarmoqqa 19,7 millionn dollarlik investisiya kiritilishi lozim, amalda 74,3 million dollar (3,7 baravar ko'p) investisiya kiritiladi.
Sohada bandlik ko'rsatkichi 862,5 ming nafarga (shundan doimiy 32,6 ming nafar, mavsumiy 829,9 ming nafar) etkaziladi.
Shuningdek, matbuot anjumanida qorako'lchilikni rivojlantirish bo'yicha olib borilayotgan ishlarga ham alohida urg'u berildi. Ta'kidlanganidek, qisqa vaqt ichida klaster usulida ishlashni joriy etish natijasida yakka tartibdagi chorvadorlarni kooperasiya usulida birlashtirish va sanoat loyihalarini amalga oshirish tufayli sohada aniq natijalarga erishilmoqda.
Jumladan, Pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasi tomonidan 48 ta qorako'lchilik klasterlari tashkil etilib, ularga yaylov maydonlari nol` stavkada ijaraga berildi. Qorako'lchilik klasterlari 8 129 ta xo'jalik yurituvchi sub'ekt bilan kooperasiya shaklida faoliyatni yo'lga qo'ydi. 2020 yil yakuni bilan jun va terini qayta ishlash, bo'rdoqichilik komplekslarini tashkil qilish orqali 23 milliard so'mlik investitsiya mablag'lari o'zlashtirilib, 1 280 yangi ish o'rinlari yaratildi. Joriy yilda 15 millionn dollarlik qorako'lchilik mahsulotlarini eksportga yo'naltirish rejalashtirilgan.
2021 yilda 175 ta investitsion loyihalar doirasida 47,2 million AQSH dollari miqdorida investisiyalarni o'zlashtirish, soha bo'yicha jami 145 500 ta yangi ish o'rinlari yaratish ko'zda tutilgan.
Ma'lumki, qorako'lchilik sohasining ozuqa bazasi asosini yaylovlar tashkil etadi. Yillar davomida yaylovlardan noto'g'ri foydalanilishi, ozuqa ekinlarini tabiiy va madaniy usulda ko'paytirishga ilmiy asoslangan holda yondashilmaganligi oqibatida ularning katta qismi degradatsiyaga uchragan yoki foydalanishdan chiqib ketgan.
Qo'mita tasarrufidagi 17,4 million gektar yaylov maydonlarining 8,3 million gektari yoki 48 foizi turli darajada degradasiyaga uchragan, 1,8 million gektari yoki 11 foizi foydalanishga yaroqsiz. Ularni yaroqli holga keltirish maqsadida Qo'mita tomonidan zarur chora-tadbirlar ko'rilmoqda.
Matbuot anjumanida Prezidentimizning joriy yilning 9 fevral` kuni qabul qilingan “Qorako'lchilik tarmog'ini yanada rivojlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosiga ham alohida ahamiyat berildi. Qayd etilganidek, qarorga muvofiq, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2021 yil 1 martga qadar qorako'lchilik klasterlari tomonidan qo'y va echkilarni bo'rdoqiga boqish komplekslarini tashkil etish maqsadida ularga qishloq xo'jaligida foydalanilmayotgan sug'oriladigan erlarni foydalanishga kiritish sharti bilan ozuqalar etishtirish uchun er maydonlari ajratilishi belgilangan. Bugungi kunda Respublikamizda 12 885 gektar er maydonlari chorvachilik klasterlariga ajratildi.
Bu asosan oborotdan chiqqan erlar bo'lib, klasterlar ularning meliorativ holatini yaxshilaydi, zarur hollarda sho'rini yuvish ishlarini tashkil etadi va ozuqabop ekinlar ekadi. Hozir bahor mavsumi bo'lgani bois, bu ishlar avjida.
— Bugungi kunda Respublika “Qorako'lchilik” uyushmasiga a'zo klasterlar tomonidan 175 ta (47 222 ming AQSH dollari) investision loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo'lib, shundan 55 ta junni qabul qilish va qayta ishlash zavodi, 39 ta donador omuxta em ishlab chiqarish korxonasi, 8 ta terini qayta ishlash zavodi hamda 73 ta bo'rdoqichilik komplekslarini tashkil etish ko'zda tutilgan, — dedi Bahrom Sharipov. — Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun klasterlar tomonidan 28 million 134 ming AQSH dollari miqdorida bank kreditlari so'ralgan bo'lib, bugungi kunda Samarqand viloyatida 1 ta klasterga 500 million so'm va Navoiy viloyatida 3 ta klasterga 1 milliard 170 million so'm miqdorida kredit mablag'lari ajratib berilgan.
Kredit so'rab murojaat qilgan boshqa klasterlar bilan zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va garov masalasini hal qilish ishlari olib borilmoqda. Bunda Tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasi bilan yaqin hamkorlik olib borilmoqda.
Ushbu kredit mablag'lari naslchilik qorako'lchilik xo'jaliklaridan qo'ylar xarid qilish, qorako'lchilik sohasida eksportbop qorako'l va qorako'lcha terini qayta ishlash hamda tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishga yo'naltiriladi. Shuningdek, bu mablag'lar qorako'lchilik sub'ektlari tomonidan ozuqa sexlari (granulyator)ni tashkil etilishini hamda qishloq xo'jaligi texnikalari va agregatlari, resurs tejovchi uskunalar va zamonaviy texnologiyalar xarid qilinishini moliyalashtirish, suv chiqarish inshootlarini barpo etish hamda mavjudlarini ta'mirlash va modernizatsiya qilish bo'yicha loyihalarga sarflanmoqda. Ushbu kreditlarni berishda Tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasi mablag'lari hisobidan kompensasiyalar ajratilmoqda.








