Nizomga koʻra, mevali va ozuqa intensiv tutzorlarda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash maqsadida:

➖ joriy etilgan tomchilatib sugʻorish tizimlari uchun subsidiyalarning bazaviy hisoblash miqdori ekin maydonining har bir gektari uchun 8 mln soʻmgacha;

➖ maydoni 35 gektardan ziyod tutzorlarda suv chiqarish uchun burgʻilangan quduqni, shuningdek daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni chiqarish maqsadida nasos stansiyasini qurishga har 35 gektar uchun 120 mln soʻmgacha subsidiya beriladi.

Bunda har bir tumanda subsidiya ajratishga koʻmaklashuvchi tuman ishchi guruhi tuziladi.

Talabgorlar kelgusi yilda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha har yili 1-fevralgacha ishchi organ (tuman irrigatsiya boʻlimi)ga ariza bilan murojaat qiladi.

Talabgorlar arizasi 3 ish kunida joyiga chiqib oʻrganiladi.

Har yili 15-fevralga qadar ijobiy xulosa berilgan talabgorlardan iborat tuman manzilli roʻyxati shakllantiriladi.

Shunga koʻra, manzilli dastur ishlab chiqiladi hamda har yili 20-martgacha Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Yakuniy roʻyxatga asosan 5 ish kunida talabgorlarning tijorat banklaridagi hisobvaraqlariga subsidiya oʻtkazib beriladi.