Pillakor belgilangan hosilni topshirmagani uchun jarima toʻlaydi(mi?)

    Pillachilik va qorakoʻlchilik qoʻmitasi ijtimoiy tarmoqlarda pilla oʻrniga pul topshirilayotgani haqidagi xabarlarga oʻz munosabatini bildirdi.

    Joriy yilda mamlakatimiz pillachilik sohasida tub islohotlar boshlanganiga toʻrt yil boʻldi. Oʻtgan davr bu soha uchun misli koʻrilmagan yuksalish vaqti boʻldi, desak, mubolagʻa boʻlmas. Taraqqiyot yoʻlidan borayotgan Yangi Oʻzbekiston uchun bu juda muhim. Chunki pillachilik – katta va barqaror daromad manbai, mamlakatimiz uchun valyuta oqimi, demakdir.

    Shunisi eʼtiborliki, hozirda ipakka boʻlgan talab butun dunyoda taklifdan ortiq boʻlyapti. Jahon miqyosida eng yirik ipak ishlab chiqaruvchisi boʻlgan Xitoy oʻz aholisining mehnatga layoqati va tut plantatsiyalari uchun yerlar kamaygani bois izchil ravishda ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirib boryapti (2008-yildan beri davriy ravishda 20% foizga). Dunyo miqyosida xom ipak ishlab chiqarish boʻyicha ikkinchi oʻrinda turgan Hindiston ham ichki ehtiyoji yiliga 35 ming tonna boʻlgan bir paytda bor-yoʻgʻi 28 ming tonna pilla yetishtirmoqda.

    Bunday sharoitda, ayniqsa dunyo miqyosida pandemiya davom etayotgan paytda ipakchilik Oʻzbekiston uchun strategik jihatdan muhim tarmoqlardan biriga aylandi. Davlatimiz tomonidan sohaga berilayotgan eʼtibor va koʻmakdan oqilona foydalanayotgan klasterlar ipakchilik sohasida salmoqli natijalarga erishmoqdalar. Bunga koʻp jihatdan pillakorlar uchun taʼminlanayotgan sharoitlar omil boʻlyapti. Jumladan, bir oila pilla boqishi uchun klaster yoki fermer xoʻjaligi uni ipak qurti urugʻi hamda sarflash uchun materiallar (maxsus qogʻoz, qurtxonanani dezinfeksiya qilish vositalari, xona harorati va namligini doimiy ravishda oʻlchab turish uchun termometr, psixrometrlar va hokazo) bilan taʼminlaydi.

    Tabiiyki, pilla boquvchilari bilan tuzilgan ichki mehnat shartnomasida ana shu chiqimlar ham hisobga olingan. Jumladan, pilla xom ashyosini yetishtirish boʻyicha fermer xoʻjaligi bilan ipak qurti boquvchisi oʻrtasida tuzilgan ichki mehnat shartnomasining (bu kabi shartnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan) tomonlarning javobgarligiga oid 4-bandida “Boquvchi” “Xoʻjalik”ga ushbu shartnomada koʻrsatilgan oʻz majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida yetkazib berilmagan mahsulot qiymatining 30 foizi mikdorida jarima toʻlashi belgilab qoʻyilgan. Bu esa oʻz navbatida taraflarning oʻz hohish-istaklari bilan ifodalangan, yaʼni taraflar oʻz roziliklari bilan shartnomaga imzo chekishgan.

    Bozor iqtisodiyoti sharoitida bu – tabiiy holat hisoblanadi. Chunki, ish beruvchi sarf-xarajatini pilla hosilidan chiqarib oladi. Mazkur shartnoma taraflarning manfaatlarini ifoda etuvchi huquqiy hujjat hisoblanadi. Shu oʻrinda ijtimoiy tarmoqlarda pilla oʻrniga pul topshirilayotgani haqidagi xabarlarga javoban aytish joizki, pilla boquvchi shartnomada belgilangan pilla hosilini topshirmaganligi uchun jarima miqdorini toʻlamoqda.

    Shuni ham aytish kerakki, hozirda pillachilarga davlatimiz tomonidan tegishli imtiyozlar berilmoqda. Har bir pilla boquvchi oilaga tut plantatsiyalari biriktirilyapti, agar tut oʻstirish uchun yer ajratilayotgan boʻlsa, unda tut koʻchatlari ham bepul tarqatilyapti. Qishloqdagi oilalar manfaatdor boʻlishi uchun ularga tut plantatsiyalari uchun yer berilib, tut qator oralariga sabzavot ekish yoki bogʻ tashkil qilish uchun imkoniyat taqdim etilyapti. Pilla boqish bahonasida yer olgan, lekin bergan vaʼdasining ustidan chiqmay, pillachilik mehnatidan qochib, moʻmay va oson daromad ortidan quvgan insonlarga esa bahona va aybdor kerak, xolos. Ular oʻz manfaati yoʻlida har qanday holatga tayyor boʻladilar. Vaholanki, pillachilik sohasiga ixtisoslashgan klasterlar va korxonalarning soʻnggi yillarning oʻzida necha milliardlab soʻm xarajatlari undirilmay qolib ketayotganligi haqida hech kim soʻroqlanmaydi ham.

    Shu oʻrinda biz, jurnalistlar va keng jamoatchilikni ayrim ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan maqsadi fitnadangina iborat boʻlgan xabarlarga ishonmaslikka chaqiramiz. Inson bejizga tafakkur va ong degan neʼmat bilan siylanmagan. Shunday ekan, bu kabi masalalarga biryoqlama yondashuv qilmasdan, tafsilot va sabablar bilan qiziqsak, ayni muddao boʻladi, deyiladi Pillachilik va qorakoʻlchilik qoʻmitasi matbuot xizmati xabarida.