Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Qonunga koʻra, pirotexnik tarkibning yonishi (portlashi) yordamida optik, akustik, elektr va boshqa vizual effektlarni hosil qilish uchun moʻljallangan qurilmalar pirotexnika buyumlaridir.

Pirotexnika buyumlari ularning xavflilik zonasi, shu jumladan atrofdagi fazoning zararlanish darajasidan kelib chiqib, xavflilikning I – V sinflariga boʻlinadi.

Oʻzbekistonda xavflilikning I sinfiga kiruvchi pirotexnika buyumlarini jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarish, tayyorlash, Oʻzbekiston hududiga olib kirish, tashish, oʻtkazish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanishga ruxsat beriladi.

Oʻzbekistonda xavflilikning II – V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarini ishlab chiqarish, tayyorlash, Oʻzbekiston hududiga olib kirish, tashish, joʻnatish, oʻtkazish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Pirotexnika buyumlarining muomalasi ustidan davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, ichki ishlar va bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.