Bunday mamlakat xalqaro maydonda iqtisodiy va siyosiy jihatdan qudratli davlat sifatida tan olinadi. Xalqaro huquq qoidalariga asosan bunday davlat bilan boshqa davlatlar rasman yuridik aloqalar oʻrnatishadi. Dunyoning turli mamlakatlarida shiddat bilan sodir boʻlayotgan jarayonlarda Oʻzbekiston taraqqiyotining rivojlanish yoʻli oʻzini oqlab, naqadar puxta rejalashtirilganligi isbotlanmoqda. Bularning barchasi, jamiyat hayotining turli sohalarida, xususan sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasidir.
Respublikamiz Prezidentining 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan bu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadi koʻzlangan boʻlsa, 2020-yil 10-avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yana-da kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon bilan bu yoʻnalishga yana-da eʼtibor qaratilib, “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan olijanob gʻoyaning amaldagi ifodasi sifatida islohotlarning navbatdagi yangi bosqichi boshlandi.
Joriy yil 30-iyul kuni odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishida muhtaram Prezidentimiz xalq sud-huquq tizimidan toʻla rozi deyishga hali asos yoʻqligini, hozirgi kunda qonunga xilof ravishda ushlab turish, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala qilish holatlariga chek qoʻyish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilayotganiga qaramasdan ayrim ichki ishlar idoralarida sodir boʻlgan fojiali holatlar natijasida ikki nafar fuqaro vafot etgani tizim rahbarlarini uygʻotishi, aniq xulosalar qilishga chorlashi kerakligini alohida qayd etib, mazkur salbiy holatlar sud-tergov faoliyatini yana-da takomillashtirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish zarurligini taʼkidlagan edilar.
Shu munosabat bilan, Farmonda tergov va sud jarayonlarida shaxsning huquq-erkinliklariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, protsessual harakatlarning sifatini oshirish, jinoyat protsessida dalillar toʻplashni mustahkamlash, ularga baho berish tizimini ilgʻor xorijiy tajribada keng qoʻllanadigan isbotlash standartlarini inobatga olgan holda qayta koʻrib chiqish vazifasi yuklatilgan.
Bunga koʻra, jinoyat sodir etishda gumonlangan yoki ayblangan shaxsning huquq va erkinliklarini poymol qilmaslik, ularning himoyaga boʻlgan huquqini ular ushlangan paytdan boshlab taʼminlash, yaʼni- ularni himoyachi bilan holi uchrashishiga qadar soʻroq qilish man etilishi kabi qoidalar belgilanib, tergov-sud jarayonlaridagi protsessual harakatlarning sifat darajasi yana-da oshirilib, takomillashtiriladi.
Inson jinoyatchi boʻlib tugʻilmaydi. U bilib-bilmay, tushunib-tushunmay jinoyatga qoʻl urib qoʻyadi. Qonunlarimizda jinoyat sodir etgan shaxslarning ham huquqlari mustahkamlangan boʻlib, tergov-sud harakatlari jarayonida ushbu huquqlarni taʼminlashga, ularga nisbatan protsessual harakatlar olib borayotgan mansabdor shaxslarning barchasi majburdirlar.
Jinoyat kodeksida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash bilan bogʻliq qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan boʻlib, Farmonda bunday qilmishlar sodir etilishini oldini olish boʻyicha yana-da samarali mexanizmlarni joriy qilish, bunday qilmishlar uchun javobgarlikni kuchaytirish belgilangan boʻlib, bu albatta mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshishiga xizmat qilibgina qolmay, fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Konstitutsiyamizga koʻra, barcha fuqarolar oʻz huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.
Shu bilan birga, barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar.
Farmonda jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyatni yangi bosqichga olib chiqish orqali sodir etilgan har bir jinoyat uchun javobgarlik muqarrarligini hamda shaxsga, jamiyatga, davlatga yetkazilgan zararlarni toʻliq qoplanishini taʼminlashni belgilanishi, Jinoyat kodeksining insonparvarlik, odillik, ayb uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga mos boʻlib, qonun ustivorligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Amaldagi Jinoyat kodeksida shaxsning aybni boʻyniga olish toʻgʻrisida arz qilishi, chin koʻngildan pushaymon boʻlishi, jinoyatni ochish uchun faol yordam berishi, yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda bartaraf qilishi jazoni yengillashtiruvchi holat sifatida eʼtirof etilgan boʻlsa-da, endilikda agar shaxs qayd etilgan talablarga rioya qilgan boʻlsa, surishtiruv va dastlabki tergov organlari bilan yozma kelishuv tuzilishi va ushbu kelishuvga asosan sud tomonidan unga oʻzi aybli deb topilgan Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng koʻp jazoning yarmidan koʻp boʻlmagan miqdori yoki muddatigacha jazo tayinlanishi belgilanmoqda.
Bu albatta, jazo va boshqa huquqiy taʼsir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini koʻzlamasligi, jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishini oldini olish uchun zarur hamda yetarli boʻladigan jazo tayinlanishi yoki boshqa huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanilishi haqidagi insonparvarlik tamoyilini taʼminlaydi va jazoni liberallashtirish borasidagi navbatdagi ilgʻor islohot sifatida baholanadi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan amalga oshirayotgan ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va boshqa yoʻnalishlardagi aloqalari yana-da rivojlandi. Mazkur aloqalar doirasida fuqarolarimizga, ayniqsa tadbirkorlarga dunyoning istagan mamlakatiga hech bir toʻsiqlarsiz chiqish imkoniyatlari yaratib berildi.
Bugungi tergov-sud amaliyotida mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga munosib hissasini qoʻshayotgan tadbirkorlar yohud fuqarolarni jinoyat ishlarida jabrlanuvchi yoki guvoh sifatida ishtirok etishga jalb qilishga toʻgʻri kelmoqda. Albatta, bu holat dastlabki tergov va sud protsessi tugagunga qadar ularni oʻz faoliyatlarini amalga oshirish uchun xorijiy davlatlarga chiqish imkoniyatlarini cheklab kelayotgan edi.
Bundan tashqari, dastlabki tergovda soʻroq qilingan guvoh yoki jabrlanuvchining ishni sudda koʻrilgunga qadar ogʻir kasallikka chalinib qolishi tufayli uni sudda soʻroq qilishni imkoni boʻlmay, bu holatlar boshqa taraflarning eʼtirozlariga sababchi boʻlayotgan edi.
Farmonda guvoh va jabrlanuvchini ogʻir kasalligi yoki uzoq muddatga chet davlatga chiqib ketish zaruriyati tufayli ularni kechroq soʻroq qilish imkoniyati boʻlmagan taqdirda koʻrsatuvlarni gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, prokuror yoki advokatning iltimosnomasiga koʻra sud tomonidan taraflarning ishtirokida oldindan mustahkamlab qoʻyish (deponirovaniye) tartibini joriy qilishni belgilanishi, bu borada muammolarni bartaraf etib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlaydi.
Jinoyat ishlarini sudda koʻrish jarayonida sudlanuvchini ayblovini ogʻirogʻgʻiga oʻtkazish yoki boshqa shaxsni javobgarlikka tortish lozimligi aniqlangan taqdirda ish boʻyicha davlat ayblovini quvvatlayotgan prokuror, jabrlanuvchi yoki uning vakilini iltimosiga koʻra ishni prokurorga yuborish belgilangan boʻilb, bu holat ayrim taraflarning, manfaatdor shaxslarning haqli eʼtirozlariga sababchi boʻlayotgan edi. Endilikda, qayd etilgan holatlar yuzaga kelganda sudga iltimosnoma kiritish huquqini ishdagi barcha taraflarga berilayotgani norozigarchiliklarga barham beradi.
Jinoyat qonunchiligida yarashuv institutining joriy etilishi jinoiy-huquqiy munosabatlarni erkinlashtirishda samarali vosita sifatida jabrlanuvchilarning huquqlarini ishonchli himoya qilish, sudlanganlik holatini kamaytirish, jinoiy javobgarlikdan ozod qilishning kengroq qoʻllanilishiga imkon yaratadi.
Shunday boʻlsa-da, yarashuv institutini qoʻllashni faqatgina birinchi instansiya sudlariga berilishi, shu bilan birgalikda shaxsning harakatlarini u ayblanib sudga berilgan Jinoyat kodeksi moddasidan yarashuv instituti doirasiga tushadigan moddasiga, qismiga qayta kvalifikatsiya qilgan holda yarashuv institutini qoʻllash mumkin emasligi yarashuvga boʻlgan huquqni cheklab turgan edi.
Bundan tashqari, ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlangan holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan barcha toifadagi shaxslarni yarashganlik munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish mumkin emasligi belgilangan edi.
Farmon orqali jinoyat ishi sudning qaysi instansiyasida koʻrilayotganidan qatʼi nazar shaxsga eʼlon qilingan ayblovni yarashuv instituti doirasiga tushadigan Jinoyat kodeksi Maxsus qismining moddasiga yoki qismiga qayta kvalifikatsiya qilib, yarashuv institutini qoʻllash tartibini joriy etilishi, shuningdek, ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar yarashgani munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilmasligiga oid qoidaning voyaga yetmaganlar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, ayollar, otmish yoshdan oshgan erkaklar va ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmasligini belgilanishi oʻzbek xalqining ezgulik, kechirimlilik kabi koʻp asrlik anʼanalariga mos boʻlib, inson manfaatlari hamma narsadan ustunligi haqidagi gʻoyani chin maʼnoda taʼminlab, fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Farmonda, shaxs oqlangan taqdirda ushbu jinoyatni haqiqatda sodir etgan shaxsni aniqlash va uni ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilish uchun jinoyat ishini prokurorga yuborish tartibini oʻrnatilishi belgilanayotgani qonunchilikdagi ushbu kamchilikni bartaraf etib, Jinoyat kodeksidagi qonuniylik, ayb uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi prinsiplarini taʼminlaydi.
Farmonda belgilangan vazifalarni hayotga tadbiq etilishi jamiyatda adolat va qonun ustivorligini taʼminlab, shaxsning tergov va sud harakatlari jarayonidagi huquq va erkinliklarini kafolatlashga, ularning odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirishga xizmat qiladi.
Farhod XIKMATULLAYEV,
Jinoyat ishlari boʻyicha Boʻstonliq tuman sudining raisi









