Ochilish marosimida tuman hokimi R.Rixsiyev, tuman hokimi oʻrinbosarlari, sektor rahbarlari, mahalladagi nuroniy keksalar ishtirok etdi. Yurtimizda inson va uning salomatligi eng muhim omil ekani, olis qishloqlar ahlining salomatligini saqlash maqsadida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida taʼkidladi.

Tadbirda muassasa rahbariga ramziy kalit bilan birga “Damas” avtomobili, 5 ta kompyuter jamlanmasi va planshet sovgʻa qilindi. Tibbiy punkt “Guliston” va “Namuna” mahallasidagi 11 800 nafar aholiga tibbiy xizmat koʻrsatadi. Eʼtiborlisi, poliklinikada elektron xizmatlar yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, keng qamrovli internet tarmogʻiga ulangan. Bu esa tibbiyot xodimlari bilan aholining masofadan turib muloqotni amalga oshirishiga imkon beradi.

– Tibbiy koʻrik va tahlillar uchun tuman markaziga qatnashga qiynalar edik, – deydi hududda yashovchi Gulzoda Mamayusupova. – Yangi poliklinikaning mahallada ochilishi ayni muddao boʻldi. Ayniqsa, ginekolog vrachlar biriktirilgani, qabulga uydan chiqmay belgilanish imkoni bor. Olingan tahlillar uzogʻi 1 soatda aniqlanishi, ijtimoiy dorixonalar borligi biz ayollarni xursand qildi.

Aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatishni tashkil etish borasida tuman tibbiyot birlashmasi qoʻshimcha binolari, 2 ta 100 qatnovli “Kelovchi” hamda “Murotali” oilaviy shifokorlik punktlari qurilishi va 100 qatnovli “Said” qishloq vrachlik punkti mukammal taʼmirlanishiga 8,3 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.